Samarqandning “Yil ayoli” aniqlandi
Samarqand shahridagi yoshlar markazida Oliy Majlis Senati hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Yil ayoli” ko‘rik-tanlovining viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, har jihatdan ibratli xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni keng targ‘ib qilish va jamoatchilikka yetkazishni maqsad qilgan mazkur tanlovda viloyatniing barcha shahar va tumanlarida faol ayollar ishtirok etdi.
- Tanlov ko‘lami o‘tgan yilgidan yanada kengaydi, ishtirokchi ayollar soni ortdi, turli sohalarda mehnat qilayotganlarning tanlovda qatnashish uchun qiziqish bildirdi, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi rahbari Zebiniso Rahmonova. – Xususan, joriy yilda tanlovning shahar, tuman bosqichlarida 450 nafar ayollar o‘zaro bellashib, ularning 24 nafari viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Jamiyat hayotida faol bu ayollar orasida uy bekasidan tortib, tadbirkorlar, olimlar, hunarmand, mahalla faollari, huquqni muhofaza qilish sohasi vakillari, harbiylar ham bor.
Uch shart bo‘yicha o‘z bilim va tajribalarini namoyish etgan ayollar orasidan "Yil ayoli"ni aniqlash hakamlar uchun oson kechmadi. Chunki ishtirokchilarning har biri xalqaro darajada, qolaversa, respublika miqyosida e’tirof etilgan mutaxassislardir.
Yakunda 11 nafar nafar ishtirokchi tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. "Yilning eng vatanparvar ayoli", “Yilning eng faol olima ayoli", "Yilning eng ilg‘or tadbirkor ayoli", "Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli", "O‘z kasbining ustasi bo‘lgan ayol", "Yilning eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotchisi" kabi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlangan ayollar tashkilotchilarning faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ular orasida Samarqand davlat arxitektura va qurilish universiteti professori, arxitektura fanlari doktori Dilshoda Sultonova, Markaziy harbiy okrug harbiy qism ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maslahatchisi, Qurolli kuchlar xizmatchisi Feruza Ochilova, Samarqand shahrilik uy bekasi Munavvar Baxtiyorova, Paxtachi tumanidagi “Mironshoh grand 2020” MChJ rahbari Mahfuza Qayumova kabi faol va ishbilarmon ayollar bor.