Samarqandlik olima dunyodagi eng nufuzli ayollar ro‘yxatiga kiritildi

2018 yil VVS maʼlumotiga koʻra Samarqand davlat universiteti olimasi Leylya Belyalova dunyodagi eng nufuzli 100 nafar ayollar roʻyxatiga kiritildi va Oʻzbekistonda oʻtkazilgan “Yil ayoli“ koʻrik-tanlovida uchinchi oʻrinni egalladi.

Shu jihatdan 2018 yil olima uchun juda omadli keldi, deyish mumkin. Ammo bu natijalar bir yillik emas, uzoq yillik fidokorona mehnatlar mahsulidir.

Leylya Belyalova uzoq yillardan beri Samarqand davlat universiteti ekologiya va tabiatni muhofaza qilish kafedrasida dotsent lavozimida mehnat qilib kelmoqda. U Markaziy Osiyo va Jahon banki loyihasining rahbari va ijrochisi boʻlgan. 2002 yildan 2017 yilgacha aholining ekologik madaniyatini oshirish, tabiatni muhofaza qilish va ekologik taʼlimga yoʻnaltirilgan 18 ta loyiha ishlarining bajarilishida faol qatnashdi. Bundan tashqari, Leylya Belyalova “Oʻzbekistonning eng muhim ornitologik hududlari“ boʻyicha Oʻzbekistondagi taʼlim va ekologik dasturlarning muvofiqlashtiruvchisi hisoblanadi.

Olima 2006 yildan boshlab universitet qoshidagi “Flamingo“ talabalar ornitologik klubiga rahbarlik qilmoqda. “Zarafshon“ ekologik nodavlat notijorat tashkilotlari raisining oʻrinbosari, talabalar va qishloq aholisining ekologik madaniyatini oshirish bilan bogʻliq ishlarda faol. 2017 yilda “Birdlife International“ xalqaro tabiatni muhofaza qilish tashkiloti “Nature Heroʻs“ unvoniga sazovor boʻldi.

– Men ilm-fanda ozmi-koʻpmi nimagadir erishgan boʻlsam, qadrdon universitetim jamoasi, ustozlar, hamkasb va shogird­larim tufayli erishdim va men ulardan minnatdorman, – dedi Leylya Enverovna. – Ular meni ilmiy-pedagogik faoliyatda, tad­qiqotlar olib borishda qoʻllab-quvvatlab turibdi.

Leylya Enverovna shuningdek, Zarafshon milliy tabiat bogʻida “Zarafshon qoʻriqxonasi qushlarining biologik xilma-xilligi va ekologiyasi“ mavzusida ilmiy tadqiqotlar olib boradi. U xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining (IUCN)  ishchi guruhi aʼzosi hamdir. L.Belyalova rahbarligida va faol ishtirokida soʻngi uch yil ichida xalqaro ilmiy, taʼlimiy va ekologik das­turlarning ajralmas qismi boʻlgan ekologik tadbirlar oʻtkazildi, “Xalqaro suv va botqoqlik qushlarini roʻyxatga olish – yer yuzidagi eng yirik biologik xilma-xillik monitoringi dasturi“, “Butunjahon ekologik aksiyasi – kuzgi qushlarni kuzatish kuni“, “Sprig alive – xalqaro indikator qushlarni hisobga olish“, “World Migratory day – koʻchib yuruvchi qushlarni hisobga olish“ xalqaro dasturi shular jumlasidandir.

Husniddin BOYMURODOV, professor. Sharofat BEKTOSH qizi, dotsent.