SamDUda Yaponiyaning Tottori universiteti vakolatxonasi ochildi

O‘tgan yili Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov Yaponiyaning Tottori universiteti prezidenti, professor Hiromsu Nakajima bilan  uzoq muddatli strategik hamkorlik shartnomasini imzolagan edi. Shunga ko‘ra, Samarqand davlat universitetida Tottori universiteti vakolatxonasi tantanali ochildi.

Ushbu vakolatxonaning asosiy vazifasi Tottori universiteti olimlari tomonidan qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi innovatsion ishlanmalar va bilimlarni O‘zbekistonga transfer qilish, sinovdan o‘tkazish hamda amaliyotga keng joriy qilishga qaratilgan.    

Tottori universitetining SamDUdagi vakolatxonasi O‘zbekistonning 50 foizdan ortiq qismini egallagan qurg‘oqchil mintaqalardan samarali foydalanish, ushbu hududlarda chorvachilikni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va shu orqali aholining turmush darajasini yaxshilashga xizmat qiladigan ishlanmalarni joriy qiladi.    

Ushbu vakolatxona oldiga qo‘yilgan maqsad-vazifalarni amalga oshirishda Tottori universiteti tarkibidagi Qurg‘oqchil mintaqalarni tadqiq qilish xalqaro markazi va uning yetakchi olimlari bevosita ishtirok etadi.    

Ta’kidlash lozimki, mazkur xalqaro markaz qurg‘oqchil mintaqalardan ilmiy asoslangan holda samarali foydalanish, xususan, sho‘rlangan va suv taqchil hududlarda dehqonchilikni rivojlantirish bo‘yicha dunyo darajasida e’tirof etilgan Yaponiyadagi yagona markaz hisoblanadi.    

Shuningdek, mazkur vakolatxona nafaqat agrar yo‘nalishda, balki muhandislik, axborot texnologiyalari sohalarida ham o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish va bu boradagi yangi bilimlarni mamlakatimizga transfer qilishni rejalashtirmoqda.    

Muloqot davomida suv tejovchi zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish, chang-to‘zonlarni oldini olish, molekulyar genetika yutuqlari asosida qurg‘oqchilik va sho‘rga chidamli yangi navlarni yaratish bo‘yicha tadqiqotlarni olib borishga ham kelishib olindi. 

Agrar, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologiya sohalarida magistratura hamda doktorantura bosqichlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash rejalashtirildi. Professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi. 

Vakolatxona rahbari sifatida professor Kristina Toderich tayinlandi. 

Ma’lumot uchun: Tottori universiteti hamkorligida Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutida zamonaviy issiqxona qurilgan.

 

Shavkat Akramov.