Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Urgutlik o‘quvchilar Saidrizo Alizoda ilmi, ijodi, ezgu ishlari bilan tanishtirildi

Ayni kunlarda Samarqandda ma’rifatparvar olim, jurnalist va tarjimon Saidrizo Alizoda tavalludining 135 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Shunday tadbirlardan biri Urgut tumanidagi 122-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etildi.

Tadbirda ma’rifatparvar olimning nevarasi Farhod Alizoda bobosining hayoti va ijodi, u yashagan xonadonda uy-muzey tashkil etgani haqida so‘zlab berdi.

- Saidrizo Alizoda ilmi tolib - o‘quvchilar uchun «Sarfi arab», «Turkiy alifbo», «Tarix», «Jug‘rofiya», «Riyoziyot», «Handasa” kabi 11 ta darslik tuzgan, - dedi Farhod Alizoda. - Shu bilan birga noshir va jurnalist sifatida «Samarqand» gazetasi hamda «Oyina» jurnalida Behbudiy bilan yaqin hamkorlikda ishlagan. «Sharq», «Hurriyat», «Zarafshon», «Ovozi tojik» gazetalarida faoliyat yuritgan. 1919 yilda “Shu’lai inqilob” jurnaliga asos solgan va chop ettirgan.

Bobomizning hayoti turli siyosiy taloto‘plarda o‘tdi, xorijda mashhur bo‘lgan alloma bolsheviklar tomonidan xalq dushmaniga chiqarilib, hibsga olindi. Bunday taqdir haqida tom-tom asarlar yozsa arziydi. Asarlari, ilmiy faoliyati yana chuqur tadqiq etilsa arziydi. Bobomizning bugungi avlod uchun ibrat qilib ko‘rsatishga arzigulik sifatlari shu qadar ko‘pki, ular o‘rganishni, ilmiy mulohazalarni taqozo etadi.

Maktabda Alizoda asarlari va uning hayotiga oid noyob hujjatlar namoyish etildi.