«Zarafshon» gazetasining 110 yilligi oldidan: Odamlar salomatlikni saqlashda tahririyatga umid bog‘lagan
Bobom Sayidrizo Alizoda 1918 yilda «Mehnatkashlar tovushi» (hozirgi «Zarafshon») gazetasiga muharrir bo‘lgan.
So‘ngra muharrirlikni Hoji Muinga topshirib, o‘zi gazeta tahririyat ijodiy kengashi a’zosi va muxbir sifatida faoliyat yuritgan va maktablar uchun darslik yozgan, yoshlarga saboq bergan.
Otamdan bobomning muharrirlik, muxbirlik faoliyati haqida so‘raganimda, 1920 yillarda bo‘lgan bir voqeani aytib bergan edi. O‘shanda butun dunyoga xavf solgan vabo kasalligi Samarqand shahriga ham tarqalgan, bu dard ko‘p odamlarning yostig‘ini quritgan ekan.
Ayni shu paytlarda gazeta aholi, jamoatchilik orasiga keng kirib borgan, odamlarning muammolarini yuqori tashkilotlarga yetkazish va dadil hal etishda asosiy vositalardan biri bo‘lgan. Shuning uchun odamlar vabo kasalligiga qarshi kurashishda gazeta imkoniyatlaridan foydalanish, bu borada tahririyat shahardagi tajribali tabib va doktorlardan iborat guruh tashkil qilishini iltimos qilishgan. Bosh muharrir Hoji Muin bu mas’uliyatli vazifani bajarishni bobom Saidrizo Alizoda zimmasiga yuklagan.
Bobom tezda sog‘liqni saqlash idoralari bilan kelishgan holda shaharning Panjob hududidagi eski madrasada 11 nafar vrach, tajribali tabib hamda mahalla oqsoqol va faollaridan iborat komissiya tashkil qilgan. Bemorlarni davolashga kirishgan tabiblar orasida afg‘onistonlik mashhur tabib Ataulloxon, Doktor Farhodiy, shuningdek, Zabelin, Deych, Merles kabi yevropalik doktorlar bo‘lgan. Ular xavfli bo‘lishiga qaramasdan, shaharda har bir kasalning xonadoniga kirib, davolagan.
Men arxiv idoralaridan Saidrizo Alizoda bilan bog‘liq hujjatlarni qidirganimda, «Mehnatkashlar tovushi» gazetasining bir sonida mana shu komissiya tuzilganligi natijasida Samarqand shahridagi yuzlab odamlar o‘lim va kasallikdan qutulgani haqida ma’lumot o‘qidim. Bu, albatta, gazetaning kuchi, o‘rni, qolaversa, zarur vaqtda matbuot nashri inson salomatligini saqlashda ham asqotishidan darakdir.
Farhod Alizoda,
SamDU faxriy professori.