Futbol, DXX kubogi: Maydonda qo‘shrabotlik va ishtixonlik yoshlar

Bugun Samarqand shahridagi “Dinamo” o‘yingohida futbol bo‘yicha mahalla yoshlari o‘rtasida “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqasining viloyat final bosqichi o‘yini bo‘lib o‘tadi.

Unda Qo‘shrabot tumanining Shovona va Ishtixon tumanining Qoraqishloq mahallasi yoshlari jamoalari bellashadi. Ushbu futbol musobaqasining uchinchi o‘rni Payariq tumanining O‘zbekiston mahallasi yoshlariga nasib etgan.

DXX kubogi doirasida o‘tkazilgan mini futbol bahslarining viloyat bosqichida esa o‘g‘il bolalar o‘rtasida Toyloq tumanining Tepaqishloq mahallasi yoshlari birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, qizlar o‘rtasida Jomboy tumanining “Nafis” qizlar jamoasi bu yil ham g‘olib bo‘lgan. Endi ular musobaqaning respublika bosqichida viloyatimiz sharafini himoya qiladi.

Aytish joizki, mazkur musobaqalarda qatnashish uchun viloyatning barcha hududlarida istiqomat qilayotgan 90 ming nafardan ortiq yoshlar ro‘yxatdan o‘tgan. Musobaqaning mahalla, tuman va viloyat bosqichlarida futbol bo‘yicha 39 ming 514 nafar, mini futbol bo‘yicha yigitlar o‘rtasida 27 ming 446 nafar, qizlar o‘rtasidagi bahslarda 17 ming 953 nafar yoshlar ishtirok etgan.