Jonsiz o‘rmon siri
Tver (Rossiya)dan 20 kilometrcha narida Tovonuva degan qishloqcha bor. Uning chekkasidagi Orshin botqoqligi, o‘zining g‘ayritabiiy hodisalari bilan odamlarni hayratga solib keladi.
Rivoyatlarga ko‘ra, XVIII asrda o‘rmonga “Samoviy tosh” qulab tushgan. Uncha katta bo‘lmagan ushbu metiorit qulashidan keyin o‘sha yerda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan g‘alati hodisalar ro‘y bera boshlabdi. Metiorit bu yerga behudaga uchib kelmagan emish. Rivoyatda aytilishicha, yerda allaqanday g‘ayridin mavjudotlar yashagan. Ular ko‘zga ko‘rinmas yovuz kuchlarga qurbonlik qilib turishgan ekan.
Xristianlik qaror topib, qurbonlik unutilgani uchun yovuz kuchlar hududga “samoviy tosh” tashlabdi. Shundan buyon odamlar qo‘rqib, bu hududga yaqin yo‘lashmaydi.
Bu joy haqida boshqa hodisalar ham odamlarni hayratga soladi. Masalan, uning yaqinidan o‘tgan kishilarning ovozi eshitilmay qoladi, telefon ham “gung” bo‘lib qoladi. Yoki vaqti-vaqti bilan qorong‘u kechalarda g‘ayritabiiy hudud ustida moviy alangga chaqnab, ko‘kka ko‘tariladi.
Tadqiqotchilarning fikricha, bu yerdagi g‘ayritabiiy hodisalar siri shunda emishki, o‘rmonda boshqa dunyoga vaqti-vaqti bilan darvoza ochilib turadi. Orshin o‘lik o‘rmoni aytishlaricha, o‘z umrini yashab bo‘lgan emish. O‘tmishda 200 yil davomida o‘rmon yashnab turgan, hozir daraxtlar qurib, shox-shabbalari chirib, botqoqlikka aylangan.
G‘ayritabiiy hodisalarni o‘rganuvchi mutaxassislarning fikricha, meteorit bu yerga o‘zga sayyoralardan allaqanday kemiruvchi bakteriyalarni olib kelgan, ular esa o‘rmonni zararlab, jonsiz hududga aylantirgan.
2013 yilda bu yerda yangi jumboq paydo bo‘ldi. Hududda yosh daraxtlar paydo bo‘ldi. Yaqin o‘n yillarda bu yerda birorta daraxt ko‘karmagan edi. Ammo besh yil o‘tgach, yaproqlari xazonga aylanib, daraxtlar qurib qoldi. 2023 yilga kelib, bu yerda yana daraxtlar paydo bo‘ldi. Hayratlanarlisi shundaki, avval ularning birortasi bu joyda o‘smagan. Birortasi yaqin atrofdagi yoki avval o‘sgan daraxtlarga o‘xshamaydi. O‘zining sirli uchinchi asrga qadam qo‘ygan o‘lik o‘rmonda qayta paydo bo‘lgan bu daraxtlar taqdiri qanday bo‘ladi, hech kim bilmaydi.
T.Shomurodov tayyorladi.