Samarqand viloyati IIBga yangi rahbar tayinlandi

Viloyat hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘iga ko‘ra, Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan general-mayor Aripov Tohir To‘lqunovichni tanishtiruv tadbiri o‘tkazildi.
Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov va viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatda aholi xavfsizligi va jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar hamda kelgusidagi vazifalarga e’tibor qaratildi.
Ichki ishlar vaziri A.Toshpo‘latov bugun respublikamiz hududlari orasida aholisi eng ko‘p bo‘lgan viloyatda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish va barvaqt aniqlash, "Xavfsiz mahalla", "Xavfsiz shahar" tamoyillarini hayotga tatbiq etishda soha xodimlari oldida turgan vazifalarga to‘xtaldi. Bu borada ichki ishlar idoralari xodimlari yangi tayinlangan rahbar boshchiligida zimmalaridagi mas’uliyatni chuqur anglagan holda faoliyat yuritishi kerakligini ta’kidladi.
Mazkur tayinlovga qadar Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatgan Tohir Aripov Samarqandda ham Vatanimiz va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishini bildirdi.
Yig‘ilishda, shuningdek, Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan Haydarov Ne’matilla Ibragimovich viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangani ma’lum qilindi.