Svetoforlarni xususiylashtirish haqidagi xabarlar rad etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda endilikda jismoniy yoki yuridik shaxslar, hududiy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalariga xat bilan murojaat etgan holda, o‘zlari istagan joyda svetofor o‘rnatishlari mumkin va qonunda buning uchun hech qanday cheklovlar yo‘qligi haqidagi asossiz xabarlar tarqaldi. IIV bu bo‘yicha munosabat bildirib, tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.

Qonunchilikka ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi vakolatlariga shaharlardagi, shaharchalar va qishloq aholi punktlaridagi ko‘chalarning, yo‘lkalarning hamda yo‘l harakatini tartibga solish vositalarining, shuningdek shahar elektr transporti yo‘llarining jihozlanishi va soz holatda saqlanishini ta’minlash vakolati kirishi ko‘rsatilgan.

Shuningdek,  Avtomobil yo‘llari qurish va foydalanish tashkilotining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi vakolatlariga avtomobil yo‘llarida yo‘l harakatini tartibga solish vositalari, tezkor aloqa tizimi qurilishini va mazkur yo‘llarning ushbu vositalar va tizim bilan jihozlanishini amalga oshirish hamda ularning saqlanishini ta’minlash vakolati kirishi ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi vakolatlariga yo‘llarning va temir yo‘llarni kesib o‘tish joylarining saqlanishi, ularning yo‘l harakatini tartibga solish vositalari bilan jihozlanishi ustidan nazoratni amalga oshirish vakolati kirishi ko‘rsatilgan.

Amaldagi Yo‘l harakati qoidalari 4-bandining ikkinchi xatboshisida "Tegishli vakolatga ega bo‘lmagan yuridik va jismoniy shaxslarga yo‘l qoplamasini buzish, o‘zgartirish yoki zarar yetkazish, ifloslantirish, yo‘l belgilarini, svetoforlarni va harakatlanishni tashkil etishning boshqa texnik vositalarini o‘zboshimchalik bilan olib tashlash, o‘rnatish, to‘sib qo‘yish, shikastlantirish, yo‘llarda harakatlanishga to‘sqinlik qiluvchi narsalarni qoldirish, "sun’iy notekislik" qurilmalarini o‘rnatish taqiqlanadi" deya belgilangan.

Yo‘l harakatini tartibga solish vositalarini o‘rnatish vazifasi mas’ul idora va tashkilotlar zimmasiga aniq yuklatilgan bo‘lib, istalgan jismoniy yoki yuridik shaxslar bunday vositalarni o‘zboshimchalik bilan yoki qandaydir ruxsat asosida o‘rnatish vakolatiga ega emasligini ma’lum qilamiz.

Shu o‘rinda ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 147-moddasiga ko‘ra, yo‘llarga, temir yo‘ldan o‘tish joylariga, yo‘l harakatini tartibga soluvchi boshqa inshootlar yoki texnik vositalarga shikast yetkazish, shuningdek yo‘l harakatiga qasddan, shu jumladan yo‘l qoplamasini ifloslantirish yo‘li bilan xalal berish, xuddi shuningdek avtomobil yo‘llarini o‘zboshimchalik bilan qazish, ularda sun’iy notekisliklar va to‘siqlar yaratish, avtomobil yo‘lida ishlarni amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik, shuningdek yo‘llarni saqlash qoidalarini buzish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘z navbatida, internet ijtimoiy tarmoqlaridagi turli sahifalar egalaridan asossiz va tasdiqlanmagan, yolg‘on xabarlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz, deyiladi vazirlik xabarida.