Endi Samarqand shahrida “aqlli svetofor”lar ishlaydi

Samarqand shahrining barcha svetoforlari yangisiga almashtirilmoqda. Bu haqda kanalimiz orqali “Nega svetoforlar yangilanyapti?” sarlavhasi ostida xabar  e’lon qilingan edi.

Bu holat haqida viloyat IIB yo‘l harakat xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi: 

"Samarqand shahridagi ko‘chalarda tirbandliklarni bartaraf etish, haydovchi va piyodalarga qulay sharoitlar yaratish maqsadida “Aqlli svetofor” dasturi doirasida shahar ko‘chalarida mavjud barcha chorrahalardagi eski svetofor ob’yektlarining ustunlari va elektr tarmoqlarining simlari hamda yangi svetofor ob’yektlaridagi svetofor qurilmalari va boshqavruv apparatlari halqaro standart talablariga mos, Xitoy Respublikasida ishlab chiqarilgan, issiq va sovuq ob-havo sharoitlariga chidamli, haydovchi va piyodalar uchun ko‘rinishi aniq, qizil va yashil chiroqlarning almashish vaqtini aniq ko‘rsatib turuvchi svetofor qurilmalariga almashtirilmoqda.

Bundan tashqari, svetofor qurilmasi alohida imkoniyatlarga ega bo‘lib, har bir yo‘nalish kuzatuv kamerasi bilan jihozlanib, chorrahada harakatlanib o‘tayotgan transport vositalarini videotasvirga oladi, svetofor qurilmalari hamda kuzatuv kameralari boshqaruv apparatiga ulanib, boshqaruv apparati kuzatuv kameralaridan videotasvirga olingan ma’lumotlar asosida chorrahadan harakatlanib o‘tayotgan transport vositalarining hisobini (soni) jamlab, avtomatik ravishda transport oqimidan kelib chiqib, svetofor qurilmasining ishlash tizimiga avtomatik o‘zgartirish kiritib, tartibga soladi. Boshqaruv apparati qutisi ichiga elektr quvvati zaxirasini ushlab turuvchi batareyalar o‘rnatilgan. Bu esa elektr tarmog‘i ta’minotida uzilish bo‘lganda, svetofor qurilmasini 5 soatgacha elektr bilan ta’minlab berish imkoniyatini beradi.

Chorrahalarda o‘rnatilgan svetofor qurilmalarining boshqaruv apparati viloyat ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan situatsion markazga ulanib, chorrahalardan harakatlanayotgan transport vositalarini kuzatish, transport vositalarining hisobi, ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqam belgilari, turlari, harakatlanib o‘tgan vaqti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish, transport oqimidan kelib chiqib, svetofor qurilmasining ishlash tizimini operator tomonidan o‘zgartirish imkoniyatlarini beradi.

Amalga oshirilayotgan ishlar davomida shahar ko‘chalarida vaqtincha vujudga kelayotgan noqulayliklar uchun harakat ishtirokchilaridan uzr so‘rab qolamiz".