Kattaqo‘rg‘on shahar IIBning yangi ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi
Bugun viloyatimizning har bir hududida qurilish, bunyodkorlik ishlari avjida. Eski binolar qayta ta’mirlanib, yangilari barpo etilib hududlar kun sayin ko‘rkamlashmoqda.
Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limi ma’muriy binosining ochilish marosimi ham ana shunday bunyodkorliklarning samarasi bo‘ldi.
Mazkur inshootning foydalanishga topshirilish marosimida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Rahmat Mamatov, shahar hokimi, keng jamoatchilik vakillari, soha xodimlari, faxriylar ishtirok etdi va ichki ishlar idoralari xodimlari va bu yerga keluvchilar uchun yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar bilan tanishdi.
Tadbir doirasida R.Mamatov davlatimiz rahbari tomonidan ichki ishlar sohasiga qaratilayotgan e’tibor va uning ravnaqi yo‘lida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, mazkur bino barcha zamonaviy talablarga javob bera oladigan tarzda bunyod etilganini alohida ta’kidladi.
Binoda jamoat xavfsizligi bo‘limi, sport zal, xodimlarga psixologik xizmat ko‘rsatish xonasi, kutubxona, o‘quv xonasi, ma’naviyat-ma’rifat xonasi, vatanparvarlik burchagi joy olgan.
Tadbir doirasida binoning qad rostlashida hissa qo‘shgan quruvchilar mehnati e’tirof etildi.