Axloqning tagiga o‘t ketgani shu yoxud “Kelinlar bozori”ni ham ko‘rdik

Odamzot quyushqonidan chiqib borayotgan davr bilan yuzma-yuz turibmiz. Shu paytgacha zo‘ravonlik, badnafslik, manfaatlar to‘qnashuvi evaziga sodir bo‘lgan turli xil urush va talotumlardan bir amallab omon qolgan zaminni axloqsizlik, fahsh va tubanlik kabi illatlar o‘z girdobiga torta boshladi.

Endi bu dunyoni qanday asramoq kerak, degan o‘ydan ko‘ra odamni, odamzotni qanday asraymiz, degan og‘riqli muammo paydo bo‘ldi.

Dunyoni asrama, dunyo joyida turibdi. Odamni asra, faqat odam o‘z o‘rnida emas, odamdan odamiylik yo‘qolib bormoqda...

Odamiylikni saqlash shunchalar qiyinmi? Odamiylikni asrash shunchalar og‘irmi? Odam bo‘lib yashash shu qadar mushkulmi?

Qiyin ekan-da, og‘ir ekan-da, mushkul ekan-da... ko‘rib turibmiz-ku. Nima u Odamiylik?

Odamiylikni izlab juda ham chuqur ketmang. Falsafiy qarashlarlarga ham sho‘ng‘imang. Oddiygina qilib aytsak, odamiylikning ildizi Ahloq.

Axloq esa — bu, Ma’naviyat. 

Insoniyat boshiga yog‘iladigan barcha falokatlar ma’naviyatsizlik evaziga sodir bo‘ladi. Ma’naviyat har qanday jamiyat va millatni zimistonlik chohidan qutqarib qoladigan ilohiy bir tushunchaki, uning zamirida adabiyot, sof san’at, insonni ezgulikka undovchi jamiki nurli aqidalar jo bo‘ladi. Qayerdaki kitobga, badiiyatga, falsafiy idrokni shakllantiruvchi mutolaaga ehtiyoj yuqori bo‘lsa, o‘sha yerda ma’naviyat chuqur ildiz otadi. O‘sha yerda o‘zligini yo‘qotmaydigan millat kelajagi o‘nib-o‘sadi. Ma’naviyat ezgulikdan ozuqlanadi. Ezgulik kitobdan olinadi. Kitob o‘qish esa bugun muammoga aylandi, butun bashar shu ahvolda, kitobdan olislashdi.

Bizda ham kam o‘qishmoqda, biror jurnal yoki gazetada asaring e’lon qilinsa, o‘quvchi tugul adabiyotga dahldor odamlar, hatto yozuvchilarning o‘zlari ham bexabar bo‘lishadi. Sababimi, nashrlar nusxasi keskin tushib ketdi. Shunday bo‘lishiga ataylab yo‘l qo‘yildi. Gazeta-jurnaldan yuz o‘girgan olomonga aylanmoqdamiz. Shundog‘am o‘qishga rag‘bati sust qavm internet va qo‘ltelefonni ovunchoq bildi, endi o‘zi ham shu narsaning o‘yinchog‘iga aylanib bo‘ldi. Ha, internet bizni istagan ko‘yiga solib o‘ynatyapti.

Aslida ziyoli, qalbi va ruhiyatini kitob yoritgan odam internetning cheksiz imkoniyatidan ilm va ezgulik yo‘lida oqilona foydalanadi. Jamiyat rivojiga o‘z hissasini qo‘shish uchun uni o‘ziga bo‘ysundiradi, aksincha, ma’naviy immuniteti past omma internetning halokatli girdobida qolib ketadi. Afsus, alam bilan bilan aytish kerak, biz internetga tayyor emas ekanmiz. Nazarimda, bu dunyoda internetga tayyor millat, odamiylik ildizi qirqilmagan, o‘zagidan o‘zligi uzilmagan xalq yashab qoladi.

Global dunyo o‘zidan ortiqcha, keraksiz avomni uloqtirib tashlash uchun ham uni internetga ro‘baro‘ qilib, qo‘liga qo‘ltelefon degan qurolni berib qo‘ydi. Endi omi millat ahli bir-biridan shu matoh orqali o‘ch oladi, qasd qiladi, o‘ldiradi, majaqlaydi, bir-birining ustiga malomat ag‘daradi. Hech qanday urushning keragi yo‘q. Bunday qavmning boshidan bomba tashlash ham shartmas. O‘zini o‘zi qirib yotaveradi. Adoyi tamom qiladi, adoyi tamom bo‘ladi.

Adoyi tamom bo‘layotgani shu emasmi, telefon ko‘r qilgur nokaslar bir-birining ko‘rpa-to‘shagini ko‘chaga olib chiqmoqda. Aytishga majburman, “yotish-turishi”ni ham ko‘rsatib berishga urinmoqda. Og‘zi teshik tog‘oraga aylangan behayolar tilida mag‘zava ko‘pchiydi, egnidagi ilvasinga qo‘shilib yuzining pardasi ham shilingan ayrim oyimtilla, zoti past besharmlar o‘zidan dono-yu donishmand, maslahatgo‘y yasab, elga eloldilik qiladilar...

Xullas, hamma qo‘ltelefonga qarab uyg‘onmoqda, hamma qo‘ltelefonga qarab uxlamoqda, o‘ladigan ham shu qo‘ltelefonga qarab o‘lmoqda. Bunday “olata’sir oto‘yin” oqibatida shu qavmning kelajagi qo‘ltelefonga uylanadi, qo‘ltelefonga erga tegadi, degan qo‘rqinchli o‘yga ham borasan kishi.

Erta tongdanoq dilim xufton bo‘ldi. Elga tekkan kasallik, ko‘zimni ochishim hamona qo‘ltelefonni yoqib, yana bir sharmisor videoga ko‘zim tushdi. Oldin: “...nahotki shuni bizda tayyorlashdi, bo‘lishi mumkinmas, buni xalqimizni kalaka qilish, yerga urish maqsadida boshqalar ishlagandir...”,  degan xayolga bordim. Keyin: “...bu sun’iy intellekt-ku, bular “odam” emas, “yasama”lar...”, degan o‘y bilan hovurimni bosmoqchi bo‘ldim. Qayerda, ichim yonib ketaverdi. Axir buni sun’iy intellektmi, go‘rmi, balo-battarmi, nima yaratgan bo‘lsa ham o‘zbekcha gapiryapti-ku, buning boshida odam bolasi, o‘zbekchani biladigan, ehtimol, o‘zbekman degan kimsalar turibdi-ku.  “... Mayli, e’tibor berma, bu videolavha zamiridan hech bir yomonlik axtarmagin...”, deb, dastlab o‘zimga taskin bera boshladim. Lekin: “...O‘zingni aldashga urinma, axir bunda sening opa-singillaring, onang, xotining va qizlaring sha’niga tegadigan haqorat qalqib turibdi-ku...”, degan o‘y jonimga burov soldi.

O‘zbek ayollarini bozorga chiqarib qator qilib qo‘yishib, xuddi kartoshka-piyoz, qovun-tarvuzday maqtashmoqda-ku. Mol, qo‘y-echkilarni sotganday “aybi”ni ham aytib sotishmoqda-ku. Yana nomini “Kelinlar bozori”, deya nomlashgan. Og‘zing yirtilgurlarning og‘zidan chiqqan gaplarni eshitsang, eting seskanadi, o‘zbek ayoli timsolidagi sotuvchi ojizalar o‘z kelini, qizi, o‘z yaqinlarini bir safga tizib, o‘zga erkaklarga sharmandali ta’rif-tavsiflar bilan pullashmoqda, millatning sha’ni atalmish xilqatlarni ko‘z-ko‘zlab erkaklarga qo‘shib qo‘yishmoqda, qo‘shmachilik qilyaptilar.

Men ularning gap-so‘zlarini tahlil qilib o‘tirmayman, bu sharmisor kartina haqida uzoq to‘xtalmoqchi ham emasman. Balki, shu narsalarni yozganimdan keyin o‘sha videolavhani ko‘rishga ishqibozlar yanada ko‘payar, balki men uni bilib-bilmay targ‘ib qilayotgandirman, lekin, jim o‘tirish, indamay qo‘l silkishga ham yuzim chidamayapti. Ochig‘i, yana aytaman, bu videolavhadan ko‘zda tutilgan g‘oyani har jihatdan talqin qilib, biror yorug‘ maqsad topolmadim. O‘zimni Sen zamondan orqada qolgansan, bular balki, jamiyatda axloqsizlik urchiyotganiga zarba berishmoqchidir, balki moshinbozordagi aldam-qaldamlarga urg‘u berib hazil qilishayotgandir, degan fikrga ham osilib ko‘rdim. Lekin cho‘kayotgan odamning xasga yopishgan ko‘yiga tushdim, xolos. Yo‘q, bu hazil emas, zil edi, zilki, qadr-qimmatingni, millat nomusini zirqiratadigan, bugun “Kelinlar bozori”, ertaga “Fohishalar bozori”, indinga “Islavotxonadagi oldi-sotdilar” kabi roliklarni tayyorlash oldidan qo‘yilgan shum qadamdir, deb o‘yladim. Nahotki, shu darajaga yetib keldik? Yetib kelmadik, o‘tib ketganga ham o‘xshayapmiz. Nega bunga indamay, tomoshabin bo‘lib turishimiz kerak? Tamoshabinmizmi, demak, biz shunday besharmlikka xayrixohmiz.

Bunday ipirisqi nimarsalar millatning kelajagi, nomusi, g‘ururi, o‘zligi, ayol qadri, oila muqaddasligi degan tushunchalar, uzundan-uzun ma’ruza-yu, qalin-qalin kitoblarning ahamiyatini “bir cho‘qish”da kunpayakun qiladi. Chunki, kitobdan olislashgan, o‘qimayotgan mo‘rt qavmda shunday mayda narsalarga o‘chlik hissi kuchayib bormoqda. Bu esa xavf. Bu taxlit sharmisor lavhalarga o‘z vaqtida zarba berilmasa, qonun aralashmasa, huquqiy baho, kerak bo‘lsa, jinoiy jazo tayinlanmasa, jamiyatda axloqsizlik ildiz otib boraveradi. Axloqsizlik esa halokatdir.

Agar siz birovni haqoratlasangiz, o‘sha birov huquq-tartibot idorasiga murojaat qilsa, albatta, qonun oldida javob berasiz. Lekin butun bir millat ma’naviyatini oyoqosti qilib, millat qadrini toptashga urinish, millat ayollarini yerga urish, erkaklarini shunchalar yuzsiz va axmoq qilib ko‘rsatish bejavob qolaveradimi? Buning uchun men yoki boshqa birovning huquqiy idoraga shikoyat qilishi, bunga qarshi maqola yozib chiqishi ham shart bo‘lmasa kerak. Hammamizning onamiz, ayolimiz, opa-singillarimiz, jufti halollarimiz o‘zimiz uchun ardoqli bo‘lgani kabi millatimiz ayollari sha’niga ham kim bo‘lishimizdan qat’iy nazar mas’ulmiz. Ularni bunday haqoratlatib qo‘ymasligimiz kerak.

Bunday manzaraga loqaydlik axloqsizlik battar urchishiga olib keladi. Axloqsizlik esa jamiyatni yemiradi.

Bundan bir muncha vaqt oldin ma’naviyatchilar, yurt ziyolilari media va TV olamidagi shu tusdagi bema’ni lavhalar tarqalishining oldini olish maqsadida “Ma’naviy ekspertiza” zarurligi, efir yoki ijtimoiy tarmoqlarda uzatilayotgan nobop tasvirlar millatning ertangi avlodi ruhiyatiga tajovuz qilishi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirishgan edi. Demokratiya, inson huquqlari, erki, bugungi ochiq-oydinlik tamoyillari soyasida shu masalaga jiddiy e’tibor qaratilmadi.

Yosh avlod ongidan ezgulik va yorug‘lik, ma’naviy go‘zallik tuyg‘ularini siqib chiqarayotgan, har kuni inson qalbidagi nozik hissiyotlarni o‘ldirishga qaratilgan tasvirlar berilayotgani falokat deb baholanmog‘i kerak. Yo buni falokat deb o‘ylamaysizmi? Ularning yo‘lini to‘smaslik ham yaxshilik bilan tugamaydi.

Qonimizda singigan tuyg‘ular, qadriyatimiz o‘zagi odob-axloq va ezgulik tushunchalarining yemirilishiga tomoshabin bo‘lib o‘tirish ayanchli oqibatlarga olib keladi. Mana, olib kelmagani shumi, xotinlarimizni bozorga olib borib sotish targ‘ib qilingan video ham chiqardik-ku... Bizga bu kammi?

 Biz shunday xalqmidik-a? Bugunimiz shunday kechayotgan bo‘lsa, ertamiz nima bo‘ladi?

Qo‘chqor NORQOBIL.