Chekka hudud degan gap eskirdi

Samarqand – Nurota yo‘lidan o‘tgan kishi borki “Oqtepasoy dehqon bozori”dagi dilni xira qiladigan manzaraga ro‘baro‘ bo‘lmay iloji yo‘q.

Rosmana chiqindiga to‘lgan, na sotuvchi va na xaridorga sharoit bo‘lgan bu bozor tashlandiq bir joyga aylanib qolgan. Bozor talabining eng muhim jihati – sanitariya haqida gapirishning o‘zi noo‘rin.

Ochig‘ini aytganda, bu ushbu bozorga tashkil qilingan press-turgacha bo‘lgan tasavvurimiz edi...    

- Bundan ikki yilcha avval holat o‘rganilganda “Oqtepasoy dehqon bozori” to‘liq bankrotlik yoqasiga kelib qolgani oydinlashdi, - deydi viloyat bozorlar uyushmasi raisi o‘rinbosari Akmal Qudratov press-tur ishtirokchilarini hozirda to‘liq rekonstruksiya qilingan bozordagi sharoitlar bilan tanishtirar ekan. - Qo‘shrabot tumanidagi yirik bozorlardan biri bo‘lgani holda uning atrofidagi va ichki yo‘llar talabga javob bermay qolgan, toza ichimlik suvi tarmog‘i yo‘q, hududdagi transformator punkti va elektr tarmoqlari avariya holatida edi. Oqibatda sanitariya holati o‘z-o‘zidan salbiy bir ahvolga kelib qolgandi. Bozor faoliyati to‘liq to‘xtatilib, sohaga mas’ul idora va tashkilot vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil qilindi. Tumandagi tadbirkorlar jalb qilinib, ulushdorlik hisobiga, homiylik va hashar yo‘li bilan 1,8 gektar yer maydonida to‘liq rekonstruksiya ishlari boshlandi. 

Bugungi kunda bozor hududi kengaytirilishi hisobidan oziq-ovqat, kiyim-kechak, chorva mollari va mayiz bozori alohida joylarda zarur sharoitlar bilan ta’minlangan. Xususan, 16 ta turg‘un savdo shoxobchasi, 17 ta savdo paviloni qurilib, 638 ta usti yopiq savdo o‘rni yaratildi, bozor hududiga 4 ta kirish darvozasi o‘rnatildi. Ahamiyatlisi, 8 kilovattlik quyosh paneli o‘rnatilib, bozor hududi to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlangan. 1,6 kilometr tarmoq tortilib, 7 ta temir beton ustun bilan tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilgan, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 0,9 kilometr tarmoq tortilib, 4 ta ichimlik suvi nuqtalari tashkil qilingan, chekka tumandagi ushbu bozorda veterinariya laboratoriyasi xizmati yo‘lga qo‘yilgan.

- Chekka hudud degan gaplar eskirdi, - deydi “Oqtepasoy dehqon bozori” MChJ rahbari Shokir Valixonov. – Qayerki obod bo‘lsa, odamlar o‘sha joyda gavjum. Mana, bizning bozor ham to‘liq rekonstruksiya qilinganidan so‘ng nafaqat Oqtepa mahallamiz, tumandagi o‘nga yaqin mahalla, shuningdek, Ishtixon va Payarq tumanlari, Jizzax va Navoiy viloyatlaridan sotuvchi va xaridorlar kelyapti. Bozor odatdagidek haftaning shanba kuni bo‘ladi. Ammo endilikda sharoitlardan unumli foydalanib, domiy savdo faoliyatini tashkil etish va tushumlarni oshirishga e’tibor qaratyapmiz. Pishiqchilik mavsumi yaqin. Mayiz hosili yig‘ilganidan so‘ng buning imkoni bor, albatta. To‘liq faoliyat boshlashimiz bilan 17 ta savdo paviloni va 638 ta yangi va qulay savdo o‘rinlari yaratilishi natijasida bir bozorda o‘rtacha 5 million so‘m, bir oyda 20-25 million so‘m, bir yilda 265 million so‘mgacha tushumlar tushirishni maqsad qilganmiz. 

Tovar ayirboshlanadigan joyda xavfsizlik muhim. Bozor ma’muriyati binosiga Milliy gvardiyaning tashvish tugmasi o‘rnatilib, bozor hududi to‘liq kamera nazoratiga olingan va tuman ichki ishlar bo‘limiga integratsiya qilingan. Bozorning 455 metr hududi devor to‘siqlar bilan o‘ralgan, yangi avtoturargoh tashkil qilinib, asfaltlangan, hudud ko‘kalamzorlashtirilib, 200 tup archa nihollari ekilgan.

...Bugun Samarqand – Nurota yo‘lidan o‘tgan kishi borki Oqtepa mahallasida joylashgan ushbu obod maskan – “Oqtepasoy dehqon bozori”ning obodligidan ko‘ngliga yorug‘lik inadi.

Sulaymon Mardiyev.