26 nafar o‘qituvchiga 165 million so‘m kompensatsiya to‘landi

Samarqand shahridagi 26 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida faoliyat yuritgan chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik (ChQBT) fani o‘qituvchilari ular ishdan bo‘shatilgandan so‘ng to‘lanishi kerak bo‘lgan kompensatsiya pullarining berilmagani yuzasidan Samarqand shahar adliya bo‘limiga ommaviy murojaat bilan chiqishdi.
Viloyat adliya boshqarmasining ma’lum qilishicha, murojaat asosida o‘tkazilgan o‘rganishlarda, ushbu 26 nafar o‘qituvchiga ishdan bo‘shash nafaqa to‘lovlari ish beruvchi tomonidan o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilmagani aniqlandi.
Yuzaga kelgan huquqbuzarlikni bartaraf etish maqsadida Samarqand shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida rasmiy taqdimnoma kiritilib, huquqiy ta’sir choralar qo‘llanildi. Buning natijasida bu o‘qituvchilarga jami 165 million 106 ming 484 so‘m kompensatsiya puli to‘lab berildi.