Chet eldagi pensionerga ishonchnoma bilan pensiya to‘lash tartibi qanday?

Qonunchilikka muvofiq rasmiylashtirilgan ishonchnoma bilan pensiya to‘lanadi. Bu qanday amalga oshiriladi?
Dastlab, fuqaro chet elda bo‘lgan vaqtda ishonchnoma rasmiylashtiradi hamda vakolatli davlat organi tomonidan apostil qo‘ydiradi.
Mazkur jarayonni pensioner chet elga ketga kundan boshlab 3 oy ichida amalga oshirishi tavsiya etiladi. Aks holda pensiya 3 oydan keyin vaqtincha to‘xtatib turilishi mumkin.
Eslatma: "Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risida"gi Konvensiyaning ishtirokchi davlatlarida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston fuqarolari ishonchnomaga apostil qo‘ydirishlari talab etilmaydi.
Nima uchun 3 oylik muddat qo‘yilgan?
Sababi, qonunga ko‘ra, vafot etgan shaxslarga pensiya to‘lanmaydi. Amaliyotda garchi pensioner vafot etgan bo‘lsada, uning yaqin qarindoshlari tomonidan pensiya olib yurish davom etgan holatlari mavjud.
Shuning uchun, byudjet mablag‘larini to‘g‘ri sarflash maqsadida 3 oylik muddat kiritilgan.
Pensioner ishonchnomaning asl nusxasini ishonchli vakilga topshiradi. Ishonch bildirilgan shaxs ishonchnomani pensioner pensiya olayotgan bankka taqdim qiladi. Qonunchilik talablariga asosan ishonchnomani olgan bankning tegishli bo‘limi tomonidan ishonchnoma nusxasi Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga yuboriladi. Mazkur ishonchnoma bilan ishonchli vakil pensiyani olishni davom ettirishi mumkin.
Bunda yana shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, ishonchnoma bergan shaxs (pensioner) Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga 1 yilda kamida 1 marta kelib tayinlangan pensiyaga bo‘lgan o‘z huquqini tasdiqlashi kerak bo‘ladi.
Pensionerning pensiyasi to‘xtatib turilgan taqdirda yoki pensioner O‘zbekistonga kelish imkoniyati bo‘lmasa nima qilish kerak?
O‘zbekistonga kelish imkoniyatiga ega bo‘lmagan holatlarda pensioner O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasiga murojaat etishi mumkin va xorijiy davlat hududida doimiy yashash holati mavjud emasligini, shuningdek, pensiya yoki ijtimoiy nafaqa olmasligini tasdiqlovchi ma’lumotnomani olishi lozim.
Olingan mazkur ma’lumotnoma ishonchnomaga ilova qilingan holda ishonchli vakil tomonidan Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga taqdim qilinishi kerak. Shundan so‘ng, to‘xtatib turilgan pensiya qayta tiklanadi.
Ishonchnoma bilan pensiya olmoqchi bo‘lmagan pensionerlar O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng ham olinmay qolgan oylardagi pensiyalarini belgilangan tartibda olish huquqiga ega. Bunda fuqaroga murojaat etganidan oldingi 2 yil davr uchun pensiya to‘lanadi.
Nima uchun 2 yillik davr o‘rnatilgan?
Sababi, avvalgi tartib bo‘yicha 1 yillik davr uchungina pensiya to‘langan. Fuqarolarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida mazkur muddat ikki barobar uzaytirilgan.
Bugungi kunda, Pensiya jamg‘armasi tomonidan fuqaroning pensiyaga bo‘lgan xuquqini tasdiqlash bo‘yicha amaldagi tartibga qo‘shimcha ravishda masofadan indentifikatsiya qilish tizimini amaliyotga joriy qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqilmoqda.
Jumladan, fuqarolarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida dastlabki bosqichda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali, keyinchalik esa yuzidan tanib olish tizimi (face ID) orqali xizmatni ko‘rsatish rejalashtirilmoqda.