Barakali bir dirham

Bir kishi umrini keksa otasining xizmatida o‘tkazar edi. Alloh taolo uning otasiga qilayotgani xizmati sabab rizqiga baraka berar edi.
Ayolining: “Biror bir kasb-hunar o‘rganing, otangizdan so‘ng nima qilasiz?” degan savollariga doim: “Men kasb bilan mashg‘ul bo‘lib qolsam, otam qarovsiz qoladi”, deya javob qaytarardi.
Yigit uzoq yillar otasining xizmatini qilib, duosini oldi. Otasi qazo qildi. Tirikchiligi uchun kelayotgan rizqi ham to‘xtadi.
Yigit mardikorlik qilish niyatida shaharga tushdi. Aksiga olib uni hech kim yumushga olib ketmadi. Kishi uyiga yegulik topa olmaganidan afsuslanib, g‘amgin holda bir daraxt soyasida uyquga ketdi. Tushiga otasi kirdi.
– O‘g‘lim, nega g‘amginsan? – dedi. O‘g‘il ahvolini aytdi.
– O‘g‘lim, xafa bo‘lma, yotadigan joyimning bosh tarafiga yuz dirham tillo tanga ko‘mib qo‘yganman, uni olib tirikchiligingga ishlat. Lekin bu pullarning barakasi yo‘q… – dedi.
O‘g‘il uyiga bordi. Ayolining: “Yeguligimiz uchun biror nima topdingizmi?” degan savoliga: “Yo‘q, bugun topa olmadim, xudo xohlasa, ertaga topib kelaman”, deb javob berdi. Ertasi kuni u yana shaharga yo‘l oldi. Biroq yana yumush topa olmadi. G‘amga botgancha daraxt soyasida uxlab qoldi. Otasi tushiga kirdi.
– O‘g‘lim, nega yuz dirhamni olmading? – dedi. O‘g‘il:
– Otajon, o‘zingiz u pullarning barakasi yo‘q, dedingiz. Barakasi bo‘lmasa, olib nima qilaman? – dedi.
Ota:
– Yotgan joyimning past tarafini qara, o‘sha yerda o‘n dirham bor, shuni ishlat. Lekin bu aqchaning ham barakasi yo‘q, – dedi.
O‘g‘il: “Otam barakasi yo‘q, degan dirhamlarni olmayman”, deb pulga qo‘l tekizmadi. Uchinchi kun yana shu hol takrorlandi. Ota o‘g‘lidan sababini so‘radi. O‘g‘li barakasi bo‘lmagani uchun olmaganini aytdi. Shunda otasi hovlidagi mevali daraxt tagiga bir dirham ko‘mganini va bu pulning barakasi borligini aytdi.
O‘g‘il daraxt tagini kavlab, bir dirhamni oldi. Bozorga bordi. Bozorni rosa aylandi. Bir dona baliqdan boshqa hech narsa sotib ololmadi. Uyiga kelib baliqni tozalab, qornini yorsa, ichidan ikki dona qimmatbaho dur chiqdi. U durni bir donasini sotish uchun bozorga bordi.
Ittifoqo, bozorda vazir aylanib yurgan ekan. U durni to‘rt xum tilloga sotib oldi. Vazir shohga qimmatbaho durni ko‘rsatdi. Shoh uni sotgan kishini topib, huzuriga olib kelishini aytdi. U kelgach, boshidan o‘tgan voqealarni shohga hikoya qilib berdi. Shunda dono shoh:
– Sen otangni xizmatini qilib, duosini olgan odam ekansan. Bugundan e’tiboran, mening vazirim bo‘lasan, –dedi.
Qissadan hissa shuki, ota-onaning xizmatini qilib duosini olgan farzand hech qachon kam bo‘lmaydi.
Maqsud QOSIMOV.