Malayziya islomni anglash instituti (IKIM) raisi Samarqandga keldi

Shu kunlarda mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Malayziya Bosh vaziri huzuridagi Dinlararo totuvlik qo‘mitasi a’zosi, Malayziya islomni anglash instituti (IKIM) raisi, professor Muhammad Nur Manuti rahbarligidagi ilmiy delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi.

Mehmonlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida bo‘ldi. Tashrif doirasida Markaz, Institut va O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyat vakilligi hamkorligida “Islom sivilizatsiya tashabbuslarining tiklanishi” mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etildi.

- Samimiy qabul uchun minnatdorman, - dedi Muhammad Nur Manuti. - Bugungi globallashuv sharoitida islom sivilizatsiyasining tarkib topishiga munosib hissa qo‘shgan movarounnahrlik allomalar ma’naviy merosini o‘rganish juda muhim. Mamlakatingizda diniy-ma’rifiy sohadagi izlanishlar e’tirofga loyiq. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi nashr etilgan yuksak ma’rifiy qiymatga ega adabiyotlarda namoyon bo‘lib turibdi.

Davra suhbatida Markaziy Osiyo ulamolarining islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi va globallashuv sharoitida islom sivilizatsiyasining tashabbuslari yo‘nalishlarida turkum ma’ruzalar tinglandi. Ishtirokchilar Movarounnahrda hadis ilmining rivojlanishida bu ulug‘ zamindan yetishib chiqqan muhaddis olimlarning o‘rni, Alouddin Usmandiyning moturidiylik kalom maktabi rivojiga qo‘shgan hissasi bilan birga, Malayziya Federal konstitutsiyasida islomning mavqei, islomda ilmning yuksak maqomi, ekstremizm va radikalizmning oldini olish bo‘yicha Malayziya tajribasini keng muhokama qildi.

Muhokamalar davomida diniy bag‘rikenglik tamoyillarini hayotga kengroq tatbiq etish, allomalar asarlaridagi ezgu g‘oyalar targ‘ibotini jadallashtirish, e’tiqod va vijdon erkinligini ta’minlash yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Mehmonlar Hadis ilmi maktabida ham bo‘ldi. Malayziya islomni anglash instituti (IKIM) raisi, professor Muhammad Nur Manuti rahbarligidagi ilmiy delegatsiyaning Samarqandga tashrifi bugun tarixiy obidlarni ziyorat qilish bilan davom etmoqda.

***

Malayziya Islomni anglash institutining “Islom va zamonaviy dunyo” (TAFHIM) ilmiy jurnali hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-adabiy nashri “Imom Buxoriy saboqlari” jurnalida har ikki tomon tadqiqotchi olimlarining ilmiy maqolalari e’lon qilinib boriladi.

2020 yilda Malayziya Islomni anglash institutining radiosi (Radio IKIM)da allomalarimiz merosi haqida ikki tomon olimlari ishtirokida eshittirishlar tashkil etishga kelishib olingan.

Sherzod MAMATOV.