Korrupsiyaga qarshi kurashda Malayziya bilan hamkorlik qilinadi

Toshkent shahrida bo‘lib turgan Malayziyaning Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi Bosh komissari Datuk Seri Azam bin Baki boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi.

Mehmonlarni Samarqand temir yo‘l vokzalida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov hamda xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati mudiri Z.Karimov kutib oldi.

Shundan so‘ng viloyat hokimligida Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Kengash a’zosi F.Toshev xorijiy mutaxassislarni korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyamiz, davlat boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash, jamoat nazoratini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.

Har ikki tomon ham jarayonda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘lga kiritilgan ilg‘or tajribalarni ommalashtirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

— Biz O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha manzilli strategiyasini o‘rganib chiqdik, — deydi Datuk Seri Azam bin Baki. — Aytish joizki, tanlagan yo‘lingiz bizda katta qiziqish uyg‘otdi. O‘tgan qisqa vaqtda erishgan yutuqlaringiz tizim ishlayotganidan dalolat. Ayni yo‘nalishda bir-birimizdan o‘rganadigan, tajriba almashadigan masalalarimiz bor. Hamkorligimiz yaxshi natija berishiga ishonaman.

Suhbatda xorijiy delegatsiya a’zolari davlatimizdagi mahalla instituti, korrupsiyaga qarshi targ‘ibot tadbirlarining olib borilishi, aholi murojaatlari bilan ishlash tartibiga alohida qiziqish bildirdi.

Muloqotdan so‘ng mehmonlar Samarqand shahrining diqqatga sazavor, tarixiy joylari bilan tanishtirildi.

Ma’lumot uchun: Malayziya Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi 1967 yilda agentlik shaklida tashkil etilgan. Bugungi kunda 16 ta hududiy bo‘limlari mavjud bo‘lib, tizimda jami 2500 dan ziyod xodim ishlaydi.

Mazkur komissiya bilan hamkorlik maqsadidagi muloqotlar O‘zbekistonda bir necha yildan buyon davom etmoqda. Xususan, 2020 yil oktyabr oyida Malayziya Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi va O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rtasidagi kengaytirilgan muloqotda ham aynan janob Datuk Seri Azam ishtirok etgandi.

Uchrashuv davomida ikki davlat korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi, idoralararo hamkorlik, shu jumladan, tomonlar o‘rtasida aloqalarning huquqiy asosi – o‘zaro anglashuv Memorandumini imzolash masalalari ham muhokama qilingan edi.