Qurilish sohasida “tanish-bilishchilik”ning oldini olib bo‘ladimi?

Samarqand viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan anjumanda viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, viloyat bosh arxitektori Sayfiddin Narziqulov jurnalistlarning sohada korrupsiyani oldini olishda nimalarga ahamiyat berilayotganligi to‘g‘risidagi savollariga javob berdi.

- Qurilish sohasida korrupsiya holatlari ko‘proq uchrashi tabiiy, - deydi viloyat bosh arxitektori Sayfiddin Narziqulov. – Ayniqsa, yangi uy-joy quruvchilari yer ajratish, mavjud bo‘lmagan texnikalarni bor qilib o‘tkazish va tenderda g‘olib chiqish uchun kimgadir, nimadir va’da qilishlari mumkin bo‘lgan holatlar uchrab turadi.

Ayni paytda boshqarmamizda ham xodimlarning korrupsiyaviy xatti-harakatlari va odob-ahloq qoidalarini buzish holatlari ustidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazish bo‘yicha ish olib boryapmiz. Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish ishlarini samarali tashkil etish, bu borada tizim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida ichki audit va komplayens nazorat bosh mutaxassisi o‘z faoliyatini boshladi.

Boshqarmada halollik siyosatini ta’minlash, xodimlarni korrupsiyaga qarshi kurashish madaniyatini oshirish, shuningdek, lavozim xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida ular tomonidan korrupsiyaviy harakatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qator ishlar tashkil qilinyapti. Jumladan, ushbu qabul qilingan hujjatlarning mazmun-mohiyati boshqarmaning har bir xodimiga tushuntirish, korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik va ushbu holatlarning sodir etilishining oldini olish maqsadida ichki audit va komplayens nazorat boshqarmasi hamda “KPMG” xalqaro auditorlik kompaniyasi (Italiya) ekspertlari tomonidan davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etish bo‘yicha «Korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar to‘qnashuvi» mavzusida seminar va ma’rifat soatlari tashkil etildi.

Boshqarmada korrupsiya haqida xabar berishga Feysbuk, Telegramm va rasmiy veb-saytlarda aloqa kanallari hamda ishonch telefoni tashkil etilgan. “Korrupsiyadan holi dunyo – umumbashariy orzu” nomli QR-codye texnologiyasi asosida tayyorlangan maxsus smartposterlar to‘plamlari o‘rnatildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida boshqarmada 26 ta vakant lavozimlarga tanlov e’lon qilinib, ularda ishtirok etgan 71 nafar nomzodlarning o‘zi, professional faoliyati, boshqa jismoniy va yuridik shaxslar bilan qarindoshlik va tijorat aloqalari haqidagi ma’lumotlarni tekshirish orqali halol va xolis amalga oshirishga qodir mutaxassislar o‘rganilib ishga qabul qilindi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.