Kattaqo‘rg‘onda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisi o‘tkazildi
Avval xabar berganimizdek, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining Kattaqo‘rg‘on tumanida sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Milliy va hududiy kengashlar a’zolari, xalq deputatlari Samarqand viloyati hamda tuman (shahar) Kengashlari deputatlari, viloyat hokimi, vazirlik va idoralar rahbarlari, Yoshlar parlamenti a’zolari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Kun tartibi doirasida Samarqand viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoyatchilikning oldini olish va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganishicha, hududda iqtisodiy faollik, qurilish, tadbirkorlik va xizmatlar sohasi jadal rivojlanib borayotgani bilan birga, ushbu jarayonlarda korrupsion xavf omillarini barvaqt aniqlash hamda bartaraf etish dolzarb vazifa hisoblanadi. So‘zga chiqqanlar korrupsiyaga qarshi kurashishda tizimli, ochiq va raqamlashtirilgan boshqaruv mexanizmlarini keng joriy etish muhimligiga e’tibor qaratdi.
Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi hududlarda so‘zsiz ta’minlanishi lozimligi ta’kidlandi. Uyushgan jinoyatchilik, yashirin iqtisodiyot hamda kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda samarali profilaktika tizimini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Kriminogen vaziyat tahliliga ko‘ra, viloyatda firibgarlik, o‘g‘irlik va kiberjinoyatlar, ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar saqlanib qolayotgani tanqid qilindi. Shuning uchun profilaktika inspektorlari faoliyatini kuchaytirish, mahallalarda manzilli ishlarni tashkil qilish, bandlikni ta’minlash hamda raqamli xavfsizlik bo‘yicha targ‘ibotni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
O‘rganishlar natijalari ko‘rsatganidek, so‘nggi davrda viloyatda korrupsiyaviy jinoyatlar asosan energetika, qurilish, bandlik, sog‘liqni saqlash hamda bank sohalarida uchramoqda. Xususan, energetika tizimida noqonuniy ulanishlar, hisob-kitoblarda inson omilining yuqoriligi va nazorat jarayonlarining yetarli darajada raqamlashtirilmagani mavjud muammolar sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Jumladan, qurilish va yer munosabatlari sohalarida ruxsatnoma berish jarayonlarining murakkabligi, shaffoflik yetarli darajada emasligi, noqonuniy qurilishlar hamda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar aniqlangan. Bundan tashqari, bandlik va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida imtiyozli kreditlar ajratish jarayonlarida ayrim suiiste’mol holatlari mavjud va nazorat yetarli darajada tashkil etilmagan.
Muhokama yakunida sohalar kesimida aniq choralar, ularni amalga oshirish mexanizmlari hamda ijro muddatlari belgilangan qaror qabul qilindi. Mutasaddilar zimmasiga energetika va qurilish yo‘nalishlarida jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish, davlat xizmatlarida inson omilini qisqartirish, komplayens-nazorat tizimini kuchaytirish, kreditlash tizimida shaffof va avtomatlashtirilgan mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha qator vazifalar yuklatildi.