Manfaatlar to‘qnashuvi yoki suiiste’mollik tizimli kurashni talab qiladi
Joriy yilning 5 iyul kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Ko‘pchilikda savol tug‘ilishi mumkin: o‘zi bu borada nima ishlar qilinyapti?
Javob berishda avvalo, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat va xususiy sektor ishtirokchilarining samarali faoliyat yuritishini ta’minlovchi omillardan biri o‘z tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish ichki (komplayens) nazorat (compliance control) tizimini tashkil etish hisoblanishini qayd etish lozim.
Shu bois o‘tgan yili davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat — davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etuvchi profilaktik tizimdir.
Tizim korrupsiya xavf-xatarlarini o‘z vaqtida aniqlash va chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish hamda ularni minimum darajaga tushirishga xizmat qiladi. Ya’ni, xizmat vazifamiz korrupsiya xavf-xatarlari, manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vaqtida aniqlash hamda ularga chek qo‘yish kabi qator profilaktik choralarni o‘z ichiga oladi. Shundan kelib chiqib, viloyat Qurilish bosh boshqarmasida xodimlar orasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida ichki tartibga rioya qilish, vakolatlarni suiiste’mol qilmaslik va vazifalarga sovuqqonlik bilan yondashmaslik, ayrim fuqarolar tomonidan nisbatan bosim o‘tkazishlar oqibatida kutilmagan holatlarga tushib qolmaslik bo‘yicha profilaktik suhbatlar o‘tkazib kelinmoqda.
Umuman, ichki nazorat xodimi tizimda korrupsiya holatlari, manfaatlar to‘qnashuvining va xodimlar tomonidan tamagirlikka yo‘l qo‘yilishining oldini olish bo‘yicha doimiy profilaktik tadbirlar olib boradi. Qayd etilgan holatlar kuzatilmasligi uchun zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqib, rahbariyatga tegishli takliflar kiritib boradi.
Qayd etilganlarga qaramay, faoliyatimizga 10 ballik tizimda 6 yoki 7 ball qo‘yish mumkin, deb o‘ylayman. Nega a’lo emas, degan savol tug‘ilishi mumkin. Hali korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishimizga yuqori baho berib bo‘lmaydi. Chunki yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarimiz, aniqlanayotgan ba’zi suiiste’molliklar bor.
Rost, xodimning ish sharoiti, oylik-maoshini yaxshi qilmasdan, kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Buni ayni korrupsiyaga qarshi kurashish masalasida ham aytish mumkin. Shu ma’noda, tizimda ishlovchilarning moddiy ta’minotini yaxshilash choralari ko‘rilyapti. Zotan, korrupsiyani yengish uchun turli omillar ichida, avvalo, moddiy ta’minot masalasi hal bo‘lmas ekan, muammo o‘zgarmay turaveradi.
Komplayens-nazorat xizmati faoliyatini albatta, rivojlantirish kerak. Chunki xar bir davlat tashkiloti tizimida ichki nazorat tartibga solinib, shaffoflik ta’minlansa va korrupsiyaga barham berilsa, fuqarolarning ishonchi ortadi. Bu tabiiyki, xizmatlar ko‘lami oshib, tizim rivojiga, pirovardida davlatning iqtisodiy yuksalishiga xizmat qiladi.
Xurshid Hakimov,
viloyat qurilish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.