Davlat boshqaruv organlarida korrupsion sxemalarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Adliya vazirligi hamkorligida ishlab chiqilgan "Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishi agentligi xabariga ko‘ra, loyihada quyidagilar nazarda tutilmoqda:
2022 yil 1 sentyabrdan boshlab, "Ye-Antikorrupsiya" loyihasini to‘liq ishga tushirish va bu orqali:
➖davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy bo‘linmalari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarning faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholash;
➖korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash natijalari bo‘yicha ushbu xavf-xatarlarni bartaraf etish choralarini tizimli ravishda ko‘rish maqsadida "Korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reyestri"ni shakllantirish va yuritish;
➖korrupsiyaviy xavf-xatarlarni qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, inson omilini qisqartirish va tegishli tartib-taomillar va funksiyalarni raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish orqali bartaraf etish ko‘zda tutilgan.
Loyiha “E-Anticor.uz” elektron platformasida amalga oshiriladi.
Reyestrni shakllantirish va yuritish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan amalga oshiriladi va internet tarmog‘ida ochiq e’lon qilib boriladi.
Loyiha muhokamasi joriy yilning 2022 yil 15 may sanasiga qadar davom etadi.