Malayziyaning yirik tijorat banki O‘zbekistonda o‘z filialini tashkil etishi mumkin
Ushbu masala O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev va Malayziyaning "Malayan Banking Berhad" ("Maybank") banki Prezidenti Xayrussalex Ramli bilan uchrashuvda muhokama qilingan.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonda bank sohasiga investitsiya kiritish, islomiy bank va takaful sohasida hamkorlik qilish istiqbollari ko‘rib chiqilgan.
O‘zbekistonda xalqaro reytinglar va standartlarga javob beradigan bank ekotizimi shakllanib borayotganligini inobatga olib, "Maybank"ning mamlakatimizda o‘z filialini tashkil etish va mahalliy yetakchi banklar bilan moliyaviy resurslar ajratish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlik qilishda ulkan salohiyat mavjudligi aytilgan.
"Maybank" rahbari, shuningdek, O‘zbekistonda raqamli bank xizmatlari sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlari mavjudligini, bugungi kundagi raqamlashtirish texnologiyalari ikki tomonlama aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun qulay sharoitlar yaratishini ma’lum qildi, deya xabar beradi “Dunyo” AA.
"Malayan Banking Berhad" 1960 yilda singapurlik tadbirkor Xu Tek Puat tomonidan tashkil etilgan. Bank hozirgi vaqtda dunyoning 18 ta davlatida 2600 ga yaqin filial va tarmoqlarga ega. Ularda 43 mingda ziyod kishi faoliyat yuritadi.
Kompaniya aktivlar qiymati bo‘yicha Malayziyada birinchi o‘rinda, ASEAN davlatlari orasida to‘rtinchi pog‘onada turadi. Mazkur moliya tashkiloti Islomiy bank xizmatlari bo‘yicha ASEAN davlatlari orasida eng yirik aktivlarga ega. Bank kapitali 28 milliard dollarga baholanmoqda.