Dam olish kunlari ishlaydigan bank xizmatlari bo‘yicha ma’lumot berildi
Dam olish kunlari ham valyuta ayirboshlash, xalqaro pul o‘tkazmalari, bankomat va bankning mobil ilovalari orqali boshqa amaliyotlarni bajarishingiz mumkin.
Xususan, bugungi kunda aholiga qulaylik yaratish maqsadida tijorat banklari tomonidan viloyatimizdagi shahar-tumanlarga 1030 dan ortiq bankomatlar o‘rnatilgan. Ushbu bankomatlarni dam olish kunlari ham uzluksiz ishlashi va naqd pul bilan ta’minlash yuzasidan ishchi guruhlar tashkil etilgan.
Shu bilan birga, dam olish kunlarida ham ayrim tijorat banklarining valyuta ayirboshlash shoxobchalari va xalqaro pul o‘tkazmalari tizimi faoliyat yuritadi. Bu bo‘yicha kunlik ma’lumotlarni bosh boshqarmaning Facebook va telegram kanalida e’lon berilib boriladi.
Shuningdek, elektr ta’minotidagi uzilishlar sababli bankomatlar ishlamayotganligi yoki boshqa sabablarga duch kelsangiz Markaziy bank Samarqand viloyati bosh boshqarmasining tunu kun rejimida ishlovchi +998 97 919-37-02 telegram messenjeriga murojaat qilishingizni so‘raymiz.
Ma’lumot uchun: Bank xizmatidan foydalanuvchilar diqqatiga!
Dam olish kunlarida ham masofadan (uyda turgan holda) bank va to‘lov tashkilotlarining zamonaviy mobil ilovalari orqali bir qancha turdagi to‘lov va bank amaliyotlarni bajarishingiz mumkin. Xususan, kommunal, kredit, internet provayder, mobil aloqa operatorlariga, Davlat xizmatlari va DYHXB jarimalari, havo yo‘llari va temir yo‘l chiptalari, moliyaviy xizmatlar, ko‘chmas mulk, tibbiyot, ta’lim kontrakt va byudjet to‘lovlari hamda boshqa bir qancha to‘lovlarni amalga oshirishingiz mumkin.
Shuningdek, dam olish kunlari viloyat bo‘yicha quyidagi shoxobchalarda valyuta ayirboshlash mumkin bo‘ladi, deyiladi Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi xabarida.