Yangi kreditlar ajratilishi va foiz stavkalarining pasayishi oldingi kreditlarning o‘z vaqtida qaytarilishiga ham bog‘liq
Iqtisodiyotning qon tomiri bo‘lgan bank faoliyatida tez sur’atlarda o‘sish va kredit qo‘yilmalarining ortib borishi aktivlar sifati, jumladan, muammoli kreditlar salmog‘i ham ortib borish xatarini keltirib chiqarib, muammoli kreditlar bilan ishlash usullarini takomillashtirish masalasini dolzarb darajaga chiqarmoqda.
Darhaqiqat, iqtisodiyotda real sektor korxonalari va aholini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ularni barqaror faoliyat yuritishi va qo‘shimcha ishchi o‘rinlarini yaratish uchun bank kreditlarining o‘rni katta. Biroq, yangi kreditlar ajratilishi va foiz stavkalarining pasayishi o‘z-o‘zidan oldingi kreditlarning o‘z vaqtida so‘ndirilishi bilan bog‘liq. Bu esa muammoli kreditlarning undirilishini rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribalaridan keng foydalanganishni taqazo etadi.
2024 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, Samarqand viloyatida tijorat banklarining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 488 mlrd. so‘mlik muammoli kreditlari bartaraf etilib, 728 mlrd. so‘m yoki jami kredit qo‘yilmalaridagi ulushi 0,5 bandga kamaygan. Ammo o‘tgan yilgidan kam bo‘lsa-da, muammoli kreditlar ulushi 2,8 foizni tashkil etib turibdi.
Umuman, xorijiy banklarning O‘zbekistondagi tijorat banklariga investitsiyalar kiritilishida muammoli kreditlarning ulushiga e’tibor qaratilishi, ushbu yo‘nalishning salbiy tarafga o‘zgarishi investitsiyalar oqimi salmog‘ining pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, tijorat banklaridagi muammoli kreditlarni undirish hamda sifatini oshirishga qaratilgan quyidagi takliflar joriy etish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Jumladan, bugungi kunda muammoli kreditlarni undirishda tijorat banklari tomonidan Savdo-sanoat palatasi orqali sudga da’vo arizalari kiritiladi va sudning hal qiluv qarori chiqib, qarz oluvchiga berilgan qo‘shimcha muddatlardan so‘ng ijro hujjatlari Majburiy ijro byurolariga ijro uchun o‘tkaziladi hamda garov mulki «E-auksion» savdolariga chiqarish orqali sotiladi. Garov mulklarining realizatsiya qilinishi uzoq muddat talab etib, tijorat banklarida muammoli kreditlarning uzoq vaqt saqlanib qolishiga sabab bo‘ladi.
Shu bois, 2023 yil 29 apreldagi “Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga muvofiq undiruv garovga qo‘yilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilganda garov ob’yektini «E-auksion» elektron savdo platformasida auksionga kreditorning va (yoki) qarzdorning buyurtmasi asosida qo‘yish amaliyotini keng joriy etish zarur. Bu esa, o‘z navbatida muammoli kreditlarning undiruv muddatini qisqartiribgina qolmay, qarzdorlarni sudga to‘lanishi lozim bo‘lgan davlat bojlaridan ozod etadi, sud hujjatlari undiruvi bo‘yicha to‘lanadigan to‘lovlar (MIBga ijro yig‘imi sifatida to‘lanadigan to‘lovlarga zarurat qolmaydi), tadbirkorlarning yuridik xizmatlar va sudlar bilan bog‘liq xarajatlari hamda sarsongarchiliklarining oldi olinadi hamda kelgusida kreditlash imkoniyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda xorijiy mamlakatlar tajribasida kollektorlik xizmati ham jadal rivojlanib bormoqda. Kollektorlik xizmati xodimi - qarz oluvchilardan banklar va mikromoliya tashkilotlari oldidagi qarzlarni undiruvchi shaxs bo‘lib, ma’lum ulush evaziga (qarzdorlikdan foiz) undiruv bilan shug‘ullanuvchi qonunchilik asosida faoliyat ko‘rsatuvchi shaxsdir. Misol uchun, Amerika Qo‘shma Shtatlarida kollektorlik xizmatlari 2021 yil 30 noyabrdan qonuniy kuchga kirgan bo‘lib, amaliyotda ijobiy natijalarini berib kelmoqda.
Mazkur yo‘nalishni mamlakatimiz tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlarida ham joriy etish kreditlar qaytimini jadallashtiradi, muammoli kreditlar undiruvini to‘liq qamrab olish imkonini beradi hamda qaytgan resurslarni qayta yo‘naltirish tendensiyasini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Sodda qilib aytganda, muammoli kreditlar kamaygan sari aholi va tadbirkorlar uchun kredit olish qulaylashadi.
Adham Qarshiyev,
Markaziy bank Samarqand viloyati bosh boshqarmasi xodimi.