Banklarni xususiylashtirishdagi katta muammo nima?
Samarqandda 23 ta bankning 24 ta filiali, Turkiyaning “Ziraat bankasi” va Qozog‘istonning Tenge Bank kabi yirik banklarning bank xizmatlari markazlari, 138 ta bank xizmatlari markazlari, 7 ta minibank, 24 ta kommunal, maxsus kassalar faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, 202 ta valyuta ayirboshlash shoxobchasi, 166 ta xalqaro pul o‘tkazmalari shoxobchalari, 3 ta nobank kredit tashkiloti bor.
Viloyat Matbuot uyida Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi tomonidan OAV vakillari va viloyatdagi tijorat banklari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ushbu tijorat muassasalarining 2023 yildagi faoliyatiga oid ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashildi.
2023 yilda aholini investitsion va jamg‘arish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, qimmatbaho metallar muomalasini rivojlantirish maqsadida viloyat bo‘yicha jami 384 dona Markaziy bank o‘lchovli oltin va kumush tangalar va oltin quymalar tijorat banklari orqali fuqarolarga 5,5 milliard so‘mga sotilgan. Jumladan, 288 dona oltin quymasi, 25 dona oltin tangasi va 71 dona kumush tanga viloyatdagi mas’ul tijorat banklari tomonidan sotilgan.
- Bank plastik kartalaridan foydalanuvchilariga yanada qulaylik yaratish uchun o‘tgan yil boshida bankomatlar soni 936 tani tashkil etgan bo‘lsa, hozirda ular 1110 taga yetkazildi, - deydi Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i Otabek Azimov. - Ushbu bankomatlar Humo va Uzkart bankomatlari o‘zaro integratsiya qilindi. 2022 yilda fuqarolar bankomatlar orqali 9 trillion 615 milliard so‘m naqd pul yechib olgan bo‘lsa, 2023 yilda 14 trillion 779 milliard so‘m mablag‘ini naqdlashtirdi. Shuningdek, Samarqand respublikada oilaviy tadbirkorlikka eng ko‘p kredit ajratgan hudud bo‘ldi.
Jurnalistlarning banklarning xususiylashtirilishi va buning natijalari bilan bog‘liq savolga boshqarma boshlig‘i “Buning uchun, avvalo, banklarni xususiylashtirishga tayyorlash kerak. Samarqanddagi bank filiallarining barchasi 2023 yilni foyda bilan yakunladi, barcha viloyatlarda ham bunday natija qayd etilgani yo‘q. Banklarni xususiylashtirishda birinchi navbatda muammoli kreditlar qaytarilishi kerak. Misol uchun, o‘tgan yil boshida 206 milliard so‘m oilaviy tadbirkorlik bo‘yicha muammoli kredit bo‘lgan bo‘lsa, hozir joylardagi hokim yordamchilari bilan ishlash tufayli muammoli kreditlar miqdori 86 milliard so‘mga tushdi.”
Kredit ajratish har yil davom etadigan jarayon bo‘lsa, bir tomondan muammoli kreditlar yopilganda yana boshqa tomondan shunday kreditlar yuzaga kelmaydimi? Umuman, kredit qaytarilishining aniq kafolatini belgilaydigan biror reja yo‘qmi? Shuningdek, rahbar viloyatdagi tijorat banklari o‘tgan yili foyda bilan chiqqanini aytdi-yu uning miqdorini ochiqlamadi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.