Sun’iy intellekt kimni "ishdan bo‘shatadi"?: Microsoft katta xavf ostida bo‘lgan kasblarni nomladi

Sun’iy intellekt jadal rivojlanib borishi tufayli 40 dan ortiq kasblar xavf ostida bo‘lib qoldi.
Microsoft o‘tkazgan tadqiqot hujjatlarni muntazam qayta ishlash, kommunikatsiya va takroriy harakatlar bilan bog‘liq kasblar xavf ostida bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.
Ro‘yxatdan tarjimonlar, jurnalistlar, muharrirlar, telemarketchilar, koll-markaz operatorlari, styuardessalar, arxivchilar va boshqalar joy olgan.
Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, bu sohalarda tobora ko‘proq vazifalar neyron tarmoqlar va raqamli yechimlar yordamida amalga oshirilmoqda.
Jismoniy mehnat, qo‘l mahorati yoki odamlar bilan bevosita aloqa qilishni talab qiladigan kasblar, jumladan, hamshiralar, jarrohlar, qutqaruvchilar, mexaniklar va uskunalar operatorlari “nishon ostida” emasligi alohida ta’kidlandi.
"Sun’iy intellekt ishchilarni ommaviy siqib chiqarib, ular o‘rnini to‘liq egallab olishi muqarrar emas", deya ta’kidlaydi mutaxassislar. Yanayam aniqroq qilib aytiladigan bo‘lsa, sun’iy intellekt ularning o‘rnini to‘liq bosmasdan, inson mehnatini mukammalashtiradi. Bir paytlar bankomatlar banklarni yo‘q qilmasdan, faqatgina ular ishini o‘zgartirib qo‘yganidek, sun’iy intellekt ham kasb egalarini ishini osonlashtirib yuborishi mumkin.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.