Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze vazifasidan ozod etilib, «Paxtakor» klubiga murabbiy etib tayinlandi

Uning o‘rnini portugaliyalik mutaxassis Paolu Bentu egallashi kutilmoqda.
Janubiy Koreya va Birlashgan Arab Amirliklari sobiq murabbiyi Paulu Bentu faoliyatini O‘zbekiston milliy jamoasining yangi ustozi sifatida davom ettirishga yaqin.
Bugun, 28 avgust tongida portugaliyalik 56 yoshli mutaxassis O‘FA rahbariyati bilan muzokaralarni yakunlash uchun Toshkent shahriga yetib keldi. Tez orada Paulu O‘zbekiston milliy jamoasining bosh murabbiyi sifatida tanishtirilishi mumkin.
Ushbu jarayon 2 kundan keyin O‘zbekiston va Tojikiston maydonlarida boshlanadigan CAFA turniri oldidan sodir bo‘lmoqda. Avvalroq Temur Kapadze agar xorijlik murabbiy kelsa, milliy jamoadan ketishi haqida fikr bildirgan edi.
Paulu Bentu 2004 yilda murabbiylik faoliyatini «Sporting» yoshlar jamoasida boshlagan. Oradan 1 yil o‘tib klubning asosiy jamoasi bosh murabbiyiga aylangan. 2007-2008 yillarda ikki marotaba Portugaliya kubogi va superkubogi g‘olibligini qo‘lga kiritgan. 2017 yil Gretsiya chempioni bo‘lgan
U Braziliyaning «Kruzeyro», Gretsiyaning «Olimpiakos», Xitoyning «Lifan» klublarini hamda Portugaliya, Janubiy Koreya va Birlashgan Arab Amirliklari milliy jamoalariga murabbiylik qilgan.
Bentu futbolchiligida yarimhimoya pozitsiyasida o‘ynagan. U Krishtianu Ronaldu bilan birgalikda «Sporting»da to‘p tepgan va keyingroq milliy jamoada unga ustozlik qilib, "Yevro-2012"da Portugaliya bosh murabbiyi sifatida bronza medalini qo‘lga kiritgan.
Bentu so‘nggi jahon chempionatida Janubiy Koreya milliy jamoasini boshqargandi. Mutaxassisning umumiy g‘alabalari ko‘rsatkichi 57,83 foizni tashkil qiladi.
Bentu O‘zbekiston terma jamoasi tarixidagi 10-xorijlik murabbiy bo‘ladi. Bunga qadar "oq bo‘rilar"ni quyidagi chet ellik mutaxassislar boshqargan.
1. Ubiraja Vega Da Silva (Braziliya) - 8 ta o‘yin, 4 g‘alaba, 2 durang, 2 mag‘lubiyat.
2. Pavel Sadirin (Rossiya) - 1 ta o‘yin, 1 mag‘lubiyat.
3. Vladimir Salkov (Rossiya) - 19 ta o‘yin, 10 g‘alaba, 3 durang, 6 mag‘lubiyat.
4. Leonid Ostroushko (Qozog‘iston) - 1 ta o‘yin, 1 ta g‘alaba.
5. Xans Yurgen Gyode (Germaniya) - 3 ta o‘yin, 1 durang, 2 mag‘lubiyat.
6. Bob Xafton (Angliya) - 3 ta o‘yin, 1 g‘alaba, 2 durang.
7. Valeriy Nemopnyashiy (Rossiya) - 6 ta o‘yin, 3 g‘alaba, 2 durang, 1 mag‘lubiyat.
8. Ektor Kuper (Argentina) - 17 ta o‘yin, 7 g‘alaba, 4 durang, 6 mag‘lubiyat.
9. Katanets (Sloveniya) - 42 ta o‘yin, 26 g‘alaba, 8 durang, 8 mag‘lubiyat.