Afsonaviy futbolchi Maradona bilan bog‘liq ish qayta ko‘rilmoqda
Diyego Maradonaning o‘limiga sababchi deb ko‘rilayotgan tibbiy jamoaning yetti nafar a’zosiga yana qamoq jazosi tahdid solmoqda.
Avvalgi ish bir yil avval sudyalardan birining iste’fosi sabab to‘xtatilgan edi. Joriy sud jarayoni esa shifokorlarning ehtimoliy beparvoligiga oid bo‘lib, aynan shu omil futbolchining o‘limiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Shifokorlar esa barcha ayblovlarni rad etib, o‘lim Diyegoning sog‘lig‘i bilan bog‘liq ko‘p yillik muammolar tufayli muqarrar bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Sud jarayonida qariyb 100 nafar guvohning ko‘rsatmalari tinglanadi, shuningdek turli dalillar va videyozuvlar taqdim etiladi. Prokurorning aytishicha, shifokorlar davolash protokollarini buzgan, Maradona reabilitatsiyadan o‘tgan uy esa bunday tibbiy parvarish uchun moslashtirilmaganligi aniqlangan.
Beparvolik bo‘yicha ayblovlar maxsus tibbiy komissiya xulosasidan keyin ilgari surildi. Unga ko‘ra, shifokorlar jamoasi o‘z vazifasini lozim darajada bajarmagan, loqayd va bee’tibor harakat qilgan.
- Muhim jihati shundaki, Diyegoda yurak bilan bog‘liq jiddiy muammolar bo‘lgan, ammo to‘rt yil davomida davolash jarayonida uning yuragi biror marta ham to‘liq tekshirilmagan, - deydi Maradona advokati Mauro Bodri.
Diyego Maradona 2020 yil 25 noyabr kuni 60 yoshida, bosh miya operatsiyasidan keyin tiklanish jarayonida yurak xuruji tufayli vafot etgan. Argentinada uch kunlik motam e’lon qilingan edi. Vidolashuv marosimiga kirishni istaganlar oqimi juda katta bo‘lib, natijada tirbandlik yuzaga kelgan va u politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylangan.
Bu bahorda Maradona nomi yana OAVda paydo bo‘ldi, biroq bu safar hech qanday mojaro yoki sud ishlari bilan bog‘liq emas. Aksincha, gap xayr-ehson haqida bormoqda. Afsonaviy futbolchi bolaligini o‘tkazgan Buenos-Ayres chekkasidagi uy kam ta’minlanganlar va uysizlarga issiq ovqat tarqatiluvchi maskanga aylangan.
Bu joyning jahon chempioni bilan bog‘liq ekanini esa devordagi uning surati tushirilgan bahaybat surat eslatib turadi.