Mingtepa yodgorligidan VIII asrga oid devoriy suratlar topildi
Jomboy tumani Qoramo‘yin mahallasining shimoli-g‘arbida joylashgan Mingtepa yodgorligi VII-VIII asrlarda Sug‘dning yirik shaharlaridan bo‘lgan.
Yodgorlik ark, shahriston va rabot qismlaridan iborat bo‘lib, sharqdan kelgan karvonlar Mingtepa shahrida to‘xtab, keyin Samarqandga kirgan. Ob’yekt markazi yumaloq shaklda bo‘lib, o‘lchami 125x125 metr, balandligi 20 metr bo‘lgan hukmdor qarorgohi joylashgan. Unga kirish sharq tomondan bo‘lib, ikkala yonida ikkita qo‘riqchi minoralari orqali ko‘tarma (pandus) yordamida kirilgan.
Shahriston qismi hukmdor qarorgohining shimoli-sharqida joylashgan bo‘lib, to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda, tomonlari 400x200 metr, balandligi 8 metrga teng bo‘lgan mudofaa devorlari bilan o‘ralgan. Janubiy mudofaa devori hukmdor qarorgohining g‘arbiy qismida joylashgan rabot qismiga ulashib ketgan. Ushbu devor qoldiqlari shahar mudofaasining muhim ajralmas elementi hisoblanadi.
- Mingtepa shahri 40 gektarga yaqin bo‘lib, dastlab 1983 yilda arxeolog X.Oxunboboyev yodgorlikning yuza qismidan terib olingan kulollik idish namunalari asosida V-XII asrlar bilan davrlagan, - deydi Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimi Husniddin Rahmonov. - So‘nggi yillarda Samarqand arxeologiya instituti, Yaponiya-Kiyoto san’at universiteti va Berlin-Brandenburg fanlar akademiyasi ilmiy xodimlari bilan hamkorlikda muntazam arxeologik qazishma ishlari natijasida yodgorlikning dastlabki boshlanish sanasini milodiy III asrda paydo bo‘lganligini ko‘rsatmoqda. Yodgorlikni o‘rganishning dastlabki jarayonida milodning VII-VIII asrlariga oid paxsa va xom g‘ishtdan qurilgan mahobatli uylarning o‘rni va bir qancha ashyolar aniqlangan edi.
Yaqinda O‘zbekiston-Yaponiya qo‘shma ekspeditsiyasi bilan birgalikda yodgorlikning shahriston qismida olib borgan birinchi qazuv ishlarimiz davomida VIII asrga oid devoriy surat namunalari topildi. Ikkinchi qazishmada esa altar o‘rni aniqlangan bo‘lib, uning xona devorlarida qizg‘ish, ko‘k, havorang devoriy sur’at namunalarini ko‘rish mumkin. Hozirgi kunda institutimiz olimlari tomonidan restavratsiya ishlari davom ettiryapmiz.