Samarqand hunarmandlari milliy qadriyatlarni asrab, jahon bozoriga chiqmoqda
Hunarmandchilik xalqimizning asrlar davomida shakllangan madaniy merosi, milliy qadriyatlari va iqtisodiy taraqqiyotining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.
Bugungi kunda hunarmandchilik sohasini qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish hamda milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada “Hunarmand” uyushmasining Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan salmoqli natijalarga erishilmoqda.
- 2026 yil holatiga ko‘ra, viloyatimizda mavjud 32 ta hunarmandchilik yo‘nalishining barchasi bo‘yicha jami 2116 nafar hunarmand rasman ro‘yxatdan o‘tgan va bugunda samarali faoliyat yuritmoqda, - deydi “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Umid Hakimov jurnalistlar bilan bo‘lgan muloqotda. - Bu ko‘rsatkich hududda hunarmandchilik sohasi izchil rivojlanayotganini va aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi.
Joriy yilning dastlabki 5 oyi davomida uyushmamiz safiga 273 nafar yangi a’zo qabul qilinib, ular bilan bir qatorda 1132 nafar shogird ham hunarmandchilik faoliyatiga jalb etildi. Bu esa milliy hunarlarning avloddan-avlodga o‘tishi va sohada malakali kadrlar zaxirasining shakllanishiga xizmat qilmoqda.

Viloyatimizda hunarmandchilikni rivojlantirish va hunarmandlarga amaliy ko‘mak berish maqsadida 5 ta maxsus markaz faoliyat yuritmoqda. Ular qatoriga “Samarqand hunarmandlar markazi”, “Ruhobod hunarmandchilikka ko‘maklashish markazi”, “Konigil meros hunarmandchilik markazi”, Toyloq tumanidagi “Hunarmandchilikka ko‘maklashish markazi” hamda Past Darg‘om tumanidagi “Hunarmandlar markazi” kiradi. Ushbu markazlarda hozirgi kunda 75 nafar hunarmand va 95 nafar shogird o‘z faoliyatini olib bormoqda.
Hunarmandchilik sohasida “Usta-shogird” an’anasini saqlash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda viloyat bo‘yicha 770 ta “Usta-shogird” maktabi tashkil etilgan bo‘lib, ularda 3885 nafar yoshlarga turli hunar turlarining sir-asrorlari o‘rgatilmoqda. Bu esa yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning kasbiy ko‘nikmalarini oshirish hamda milliy an’analarni davom ettirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hunarmandlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator imtiyozlar ham yaratilgan. Jumladan, hunarmandlar o‘z faoliyatidan olinadigan daromadlar bo‘yicha daromad solig‘idan ozod qilingan. Shuningdek, ular bir yilda bir marta jamg‘arib boriladigan pensiya jamg‘armasiga eng kam ish haqining bir baravari miqdorida to‘lov amalga oshiradi.
Umid Hakimovning ta’kidlashicha, samarqandlik hunarmandlar o‘z mahsulotlarini xalqaro bozorlarga chiqarish borasida ham yuqori natijalarni qayd etmoqda. Joriy yilda 25 nafar hunarmand 5 ta xalqaro ko‘rgazma va festivalda ishtirok etib, umumiy qiymati 48 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan mahsulotlarni sotishga muvaffaq bo‘ldi. Bu natija milliy hunarmandchilik mahsulotlariga xalqaro miqyosda talab yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Ayrim hunarmandlarning eksport sohasidagi yutuqlari alohida e’tirofga loyiq. Xususan, Yelena Ladik tomonidan milliy liboslar Rossiya Federatsiyasiga eksport qilingan bo‘lsa, Gulchehra Hamitova zardo‘zlik buyumlarini Xitoy Xalq Respublikasiga yetkazib berdi. Shuningdek, Mansur Nurillayev miniatyura rangtasvir va sirli bezak mahsulotlarini Tojikiston Respublikasiga, Lola G‘aniyeva esa batik, gul bosilgan gazlamalar hamda chokli buyumlarni Tojikiston Respublikasi bozoriga chiqardi.
Hunarmandchilik sohasida aholi bandligini yanada oshirish maqsadida 2026 yilda jami 4550 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Ushbu ko‘rsatkichning 550 tasi yangi tashkil etiladigan hunarmandlar hisobiga, 4 mingtasi esa shogirdlarni jalb qilish orqali ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Xulosa qilib aytganda, Samarqand viloyatida hunarmandchilik sohasi nafaqat milliy merosni asrab-avaylash, balki aholi bandligini ta’minlash, yoshlarni kasbga o‘rgatish va eksport salohiyatini oshirishda ham muhim o‘rin tutadi. “Hunarmand” uyushmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar kelgusida sohaning yanada taraqqiy etishi va hunarmandlarning iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.