Samarqandlik hunarmandlar mahsulotlariga AQSh va Turkiyada xaridor ko‘p

Bugungi kunda viloyatimizda “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lgan hunarmandlar 2345 nafarni tashkil etadi. Ularning aksariyati o‘zlari yasagan, to‘qigan yoki tikkan mahsulotlarini xorij davlatlariga yoki hech bo‘lmaganda respublikamizning barcha viloyatlariga sotmoqda.
Buni shu yilning birinchi choragi davomida 2 million AQSh dollari miqdorida hunarmandchilik mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlarga sotilganidan ham bilish mumkin.
Xo‘sh, chetda samarqandlik hunarmandlarning qanday mahsulotlariga xaridor ko‘p, degan savol tug‘ilishi mumkin. Tabiiyki, eksport qilingan mahsulotlar Samarqand nomi, tarixi, bugunini aks ettirib beradigan ashyolar bo‘lmoqda. Ya’ni, chetda eng ko‘p talabga ega bo‘lgan yo‘nalishlar, asosan, yog‘och o‘ymakorligi, mis o‘ymakorligi, kulolchilik, kashtachilik, miniatyura va rang-tasvir san’ati, milliy liboslar, musiqa asboblari kabi yuksak badiiy qimmatga ega hunarmandchilik turlari bo‘ldi.
Ushbu yo‘nalishlarda faoliyat olib borayotgan yurtimizning mahoratli ustalari yaratgan noyob mahsulotlar Rossiya, AQSh, Qozog‘iston, Turkiya, Yevropa mamlakatlari va boshqa xorijiy davlatlarga ham eksport qilinyapti. Shu bilan birga sayohatga kelgan xorijliklar ham bu mahsulotlarni Samarqanddan katta qiziqish bilan xarid qilmoqda va yurtlariga olib ketmoqda.
Alohida ta’kidlaydigan bo‘lsak, bugungi kunda yog‘och o‘ymakori Mansur Asadov, kashtachi G‘ulom Isayev o‘z mahsulotlarini asosan Qozog‘iston, Turkiya, Tojikiston, AQShga, milliy liboslar bo‘yicha dizayner Lena Ladik Rossiya, Qozog‘iston, Turkiyaga, miniatyura va rang-tasvir ustasi Mansur Nurillayev Qozog‘iston, Turkiya, Tojikistonga, milliy liboslar mutaxassisi Hamida Inoyatova AQSh va Rossiyaga, akademik kulol Sharif Azimov AQSh va qator Yevropa davlatlariga mahsulotlarini sotmoqda.
Shu o‘rinda bir imkoniyatni ham aytmasak bo‘lmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2019 yil 28 noyabrda “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Qaror qabul qildi. Ushbu hujjat ijrosiga ko‘ra, hunarmandchilik mahsulotlarini elektron savdo orqali sotishni yo‘lga qo‘yish borasida respublika bo‘yicha yagona tizimga biriktirilgan “Hunarmand” uyushmasining www.uzcrafts.com veb-sayti yaratildi. Ichki va tashqi bozorga mahsulotlar reklamasini namoyish etish maqsadida www.ihunar.uz savdo maydonchasi tashkil etildi.
Hozirda yuzlab hunarmandlarimiz ushbu sayt va platforma orqali yasagan mahsulotlari assortimenti, suratlari va narxlarini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirib bormoqda. Masalan, bunday imkoniyatdan Urgut tumanida faoliyat yuritayotgan kashtado‘z G‘ulom Isayev, Samarqand shahrida yashovchi yog‘och o‘ymakori Mansur Asadov, Samarqand tumanida faoliyat yuritayotgan zargar Hasan Qurbonov, miniatyura va rang-tasvir ustasi Alisher Ochilov, milliy musiqa asboblari yaratuvchisi Bobomurod Haydarov, kulollar Firdavs Berdiyev va No‘’mon Obloqulov kabi hunarmandlar samarali foydalanib, o‘zlari yasagan hunarmandchilik mahsulotlari reklamasini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarmoqda va savdosini tashkil etmoqda.
Mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga bo‘lgan yuksak e’tibor tufayli hunarmandlar mahsulotlariga chetdan bo‘lgan talab ortmoqda. Shundan kelib chiqib, 2025 yil oxirigacha hunarmandchilik mahsulotlarining ichki va tashqi savdo miqdorini 10 million AQSh dollaridan oshirishni oldimizga maqsad qilganmiz.
Umid Hakimov,
"Hunarmand" uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i.