"Usta-shogird" an’anasi rivojlanmoqda: 6 oyda qariyb 3 ming nafar shogird hunar o‘rgandi

Viloyatimizda milliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan "Usta-shogird" an’anasi yanada rivojlantirilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida hunarmandchilik sohasida yoshlarni kasbga yo‘naltirish, ularni amaliy mahorati yuqori bo‘lgan ustalar huzurida o‘qitish tizimi shakllantirildi.
2025 yilning 6 oyi davomida viloyat bo‘yicha 320 ta "Usta-shogird" maktabi tashkil etildi. Bu maktablarda jami 2969 nafar shogird turli hunarlarga o‘rgatilmoqda. Ustalar faoliyati ganchkorlik, yog‘och va mis o‘ymakorlik, milliy liboslar tikish, esdalik buyumlar yasash, kashtachilik, zardo‘zlik, bosh kiyimlar tikish kabi 29 ta yo‘nalishni qamrab olgan.
Bugungi kungacha hunarmandlarga shogird tayyorlash uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 11 martdagi 158-son qarori bilan tasdiqlangan “Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya, grant va ssudalar ajratish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan “Usta-shogird” an’analari asosida yoshlarga hunar o‘rgatayotgan hunarmandlarga shogird tayyorlash, zarur xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlash xarajatlarini qoplash uchun har bir shogird uchun (shogirdlar soni 5 nafardan oshmagan holda) 6 oy davomida bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratilishi belgilangan. Ushbu Nizom asosida shu yilning 6 oyi davomida viloyatimizdagi 14 nafar usta hunarmandga shogird tayyorlash uchun 86 million 900 ming so‘m miqdorida subsidiya ajratildi.
Masalan, Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan mis o‘ymakori Abdulla Saidov “Usta-shogird” an’anasi asosida 5 nafar yoshlarga o‘z hunarini astoydil o‘rgatib kelmoqda. Uning shogirdlari nafaqat mahalliy bozorda, balki xalqaro ko‘rgazmalarda ham o‘z ishlari bilan qatnashmoqda.
Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on tumani, Charog‘on mahallasida yashovchi hunarmand Nargiza Tursunova shu mahallada yashovchi 4 nafar qizni tikuvchilikka o‘rgatmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu imkoniyat yoshlarni ish bilan ta’minlash, ayniqsa xotin-qizlarning o‘z kasbiga ega bo‘lishi uchun juda muhim imkoniyat yaratmoqda. Bunday misollarni Narpay tumanida faoliyat yuritayotgan metall buyumlarga ishlov beruvchi hunarmand Fozilboy Namozov, milliy liboslar tikuvchisi Dilora Bekmurodova, bulung‘urlik tikuvchi Munira Shagdarova hamda ularning 4-5 nafardan shogirdlari faoliyatida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Boshqarmamizda hunarmandlar tomonidan qanday yo‘nalishlarda va nechta shogird tayyorlanayotgani haqida batafsil statistika olib borilmoqda. Quvonarlisi, har bir “Usta-shogird” maktabida o‘rtacha 5 nafar shogird tahsil olmoqda. Bu esa yosh avlodning amaliy kasb va hunarga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda.
“Usta-shogird” an’anasini rivojlantirish orqali nafaqat milliy hunarmandchilik an’analari saqlanib qoladi, balki yoshlar o‘rtasida ishsizlik masalasiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatiladi.
Umid Hakimov,
"Hunarmand" uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i.