Kasanachilik tashkil etgan tadbirkorlarga subsidiya ajratiladi
- Hunarmandman. O‘zimdagi mavjud bitta tikuv mashinasida kiyim-kechak tikib, ro‘zg‘orga besh-to‘rt so‘m qo‘shimcha mablag‘ kiritaman. Yaqinda Samarqand shahrida tikuvchilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkor bilan og‘zaki kelishuvga erishdim. Men unga kasanachi sifatida o‘z uyimda kiyimlarning ma’lum qismini tayyorlab bersam, shartnoma asosida xizmat haqi berarkan.
Ayting-chi, tadbirkorlik korxonasiga kasanachi sifatida shartnoma sifatida ishga o‘tsam biror asbob-uskuna va xomashyo xarid qilishim uchun subsidiya olishim mumkinmi?
Nargiza Sodiqova,
Jomboy tumani.
Ushbu savolga “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Umid Hakimov javob berdi:
- Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 22 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, mahallalarda kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlarga subsidiya ajratish tartibi belgilangan.
Yuqoridagi qaror asosida “Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mahallalarda kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlik sub’yektlariga subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan.
Nizomga muvofiq, kasanachilikni tashkil qilgan tadbirkorlarga Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘laridan quyidagi miqdorda subsidiyalar ajratiladi:
- har bir kasanachining dastlabki uch oy davomidagi kasanachilik faoliyati uchun bir oylik o‘rtacha daromadi miqdorida;
- 2025 yil 1 yanvarga qadar kasanachilik bilan shug‘ullanayotgan ishsiz va ish qidirayotgan, shuningdek, "Temir daftar", "Ayollar daftari", "Yoshlar daftari" yoki "Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan fuqarolarga asbob-uskunalar va xomashyo xarid qilish bo‘yicha xarajatlarini qoplash uchun, biroq har bir kasanachi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha;
- kasanachilik yoki hunarmandchilik asosida uy sharoitida ishlayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish joyini moslashtirish uchun har bir moslashtirilayotgan ish joyi bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarigacha;
- kasanachilarni kasb-hunarga o‘qitishga sarflanadigan xarajatlarni uch oygacha bo‘lgan muddatda qoplash uchun, biroq har bir kasanachi uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravarigacha;
- nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasanachilik yo‘nalishida o‘quv kurslarini tamomlagan har bir bitiruvchiga kasbga o‘qitish uchun sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan oshmagan miqdorda.
Subsidiya olish uchun hokim yordamchisi tavsiyasi asosida mahalliy mehnat organiga yoki YaIDXP (my.gov.uz) portali orqali murojaat qilishi mumkin.
Murojaatda kasanachi ma’lumotlari, subsidiya to‘lab berilishi lozim bo‘lgan hisobvaraq va manzili ko‘rsatiladi. Murojaat 3 ish kunida ko‘rib chiqiladi.
Subsidiya ajratish quyidagi holatlarda rad etilishi mumkin:
- hujjatlar to‘liq taqdim qilinmaganida;
- kasanachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnomasi Yagona elektron shartnomalar portalida ro‘yxatdan o‘tkazilmaganda;
- kasanachining dastlabki 3 oy davomidagi daromadi haqidagi ma’lumot haqqoniyligi tasdiqlanmasa.
Murojaat rad etilganida 1 kunda bu haqda murojaatchiga xabar beriladi.
Subsidiya ajratish haqida qaror qabul qilinganida 5 ish kunida subsidiya murojaatchiga o‘tkazib beriladi.
***
Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.