Hunarmandlar berilgan imtiyoz va imkoniyatlardan qanday foydalanyapti?

Hozirgi kunda “Hunarmand” uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasiga 3 ming 155 nafar hunarmand a’zo bo‘lib, mavjud imtiyozlardan foydalangan holda faoliyat yuritmoqda.

Birgina Nurobod tumanida 2022 yilda 46 nafar hunarmand a’zo bo‘lgan bo‘lsa, hozir ular soni 80 nafarga yetdi. Oqdaryo tumanida mos davrda 46 nafar hunarmand hozirda 80 nafarga yetgan bo‘lsa-da tumandagi imkoniyatdan kelib chiqsak, Oqdaryoda ko‘rsatkichlar biroz oqsamoqda.

Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida “Hunarmand" uyushmasi viloyat boshqarmasining 2,5 yillik faoliyatiga bag‘ishlangan sarhisob yig‘ilishda bu haqda ma’lumot berildi.

Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, 2018-2022 yillarda viloyatdagi hunarmandlarga 2091 ta loyiha uchun 71,1 milliard so‘m imtiyozli kredit berilgan. Misol uchun, Ishtixon tumanida 2022-2023 yillarda 198 nafar hunarmandga 7,5 milliard so‘m, Nurobod tumanida 80 nafar  hunarmandga 2,2 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilgan. 2022 yilda "Usta-shogird" maktabini yaratish va 7762 ta shogird biriktirilgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 24 mingdan ortdi.

Viloyat mahallabay ishlash boshqarmasi tomonidan hunar egallab, o‘z ishini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan 1414 nafar hunarmandga a’zolik badalini to‘lash uchun 1,3 milliard so‘m subsidiya ajratildi, - deydi “Hunarmand" uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Umid Hakimov. – "Usta-shogird" an’anasi asosida maktab tashkil etgan hunarmandlarga shogird tayyorlash uchun 110,6 million so‘m subsidiya ajratildi. Hozirda hunarmandlarga ajratilgan kreditlarning qaytarilishi 98 foizni tashkil etmoqda. Bu ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishidan dalolat beradi.

Hunarmandchilikka e’tiborning kuchaytirilishi natijasida keyingi uch yilda 2 nafar hunarmand “O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi”, 1 nafari “Mehnat shuhrati”, 4 nafari “Do‘stlik” ordeni, 3 nafari “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Keyingi besh yilda mingdan ortiq hunarmand qo‘lda gilam to‘qish, zargarlik buyumlari, milliy qo‘g‘irchoqlar, yog‘och va mis o‘ymakorligi, kulolchilik ko‘rgazma va yarmarkalarida ishtirok etdi.

Dastlab 1992 yilda “Ruhobod” hunarmandchilik markazi tashkil etilgandi,. Keyin “Registon” hunarmandchilik markazi ochildi va o‘sha paytda bu yerda  4 nafar usta mehnat qilgan bo‘lsa, hozir ular soni 80 nafardan ortdi. Umuman, hozirda viloyatimizda 4 ta hunarmandchilik markazlari ishlab turibdi.

Hisobotda keltirilishicha, joriy yilda tijorat banklari tomonidan 21 milliard 479 million so‘m imtiyozli kredit ajratilishi va Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 22 iyuldagi qaroriga asosan 3 milliard 326 million so‘m subsidiya hisobidan viloyatda jami 12362 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Samarqand shahrida "Xalqaro kashtachilik festivali"ni o‘tkazish, Islom Karimov ko‘chasida joylashgan binoda “Samarqand kulolchilik markazi”ni tashkil etish, faxriy hunarmandlar bilan birgalikda ishlash hamda uch avlod uchrashuvlari o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.   

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.