Dunyo nigohi yana Samarqandga qaratiladi

30 oktyabr – 13 noyabr kunlari qadimiy Samarqand shahrida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkaziladi.

Tashkilotning sakson yillik tarixi davomida ilk bor Parij shahridagi qarorgohidan tashqarida, Buyuk ipak yo‘lining chorrahasi bo‘lgan Samarqandda mazkur tadbirning o‘tkazilishi dunyo ahli e’tiborini o‘ziga tortmoqda.

Xalqaro forumga tayyorgarlik ko‘rish va yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha hukumat komissiyasi YuNESKO shtab kvartirasi bilan birgalikda konferensiyaga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda.

– YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-yubiley sessiyasini Samarqandda o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror tashkilot a’zolari va xayrixohlari tomonidan juda yaxshi kutib olingan va bunga ikki yildan buyon qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov. – Ayni paytda Samarqand yirik xalqaro sammitga tayyor –  mehmonlarni kutib olish uchun aeroport va temiryo‘l vokzalida zarur shart-sharoitlar yaratilgan, transport vositalari shay holatda, mehmonxonalarda joylar tayyorlab qo‘yilgan.

YuNESKO shtab kvartirasidan vakillar Samarqandga kela boshladi. Ushbu hafta oxirida va kelgusi hafta boshida mehmonlarning katta guruhi yurtimizga keladi. 30 oktyabr kuni Samarqand xalqaro turizm markazida Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi ochilish marosimi o‘tkaziladi va 14 noyabrga qadar tashkilotning madaniyat, ta’lim, fan, madaniy meros va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha majlislari, turli tadbirlar tashkil etiladi. Bu tadbirlarda tashkilotga a’zo davlatlar vakillari, nufuzli mehmonlar, taniqli olimlar va xalqaro ekspertlar ishtirok etadi.

– Ko‘pchilikni YuNESKOning nufuzli sessiyasi nega aynan Samarqandda o‘tkazilayotgani qiziqtiradi, – deya so‘zida davom etadi R.Qobilov. – Bu bejiz emas, chunki Samarqand nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning yirik madaniy markazi, ilm-fan rivojlangan shahar sifatida dunyo e’tiborida bo‘lgan. Qolaversa, bu yerda bir necha asrlik madaniy meros ob’yektlarining mavjudligi va ularni asrab-avaylash borasida to‘plangan tajriba hamda YuNESKO bilan hamkorlikda ko‘plab qo‘shma loyihalarning amalga oshirilayotgan bu qarorga kelishga asos bo‘lgan deyishimiz mumkin. Birgina “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali orqali dunyo xalqlarining milliy musiqa san’ati, folklori va mumtoz qo‘shiqchilik an’analarini asrab-avaylash va keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, bizning ko‘plab nomoddiy meros namunalarimiz YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan.

Yana bir jihatni alohida ta’kidlashim kerak, tadbirning Samarqandda o‘tishi YuNESKO uchun ham katta sinov. Chunki ilk bor Parijdan boshqa joyda tashkil etilayotgan Bosh konferensiya sessiyasining qanday o‘tishi tashkilotning keyingi tadbirlar uchun joy tanlashida juda muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun xalqaro sammitga tayyorgarlik doirasida YuNESKO shtab kvartirasining bir nechta texnik missiyalari Samarqandga kelib, transport logistika tizimi dunyoning barcha mamlakatlaridan kelish uchun qulayligi, mehmonxonalar xalqaro standartlarga javob berishini e’tirof etdi. Bu, albatta, kelgusida Samarqandda turizmni yanada rivojlantirishga katta turtki beradi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, YuNESKO tadbirlarida ishtirok etish uchun Samarqandga 6 mingdan ortiq mehmonlar kelishi kutilmoqda. Ularga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish, yurtimiz to‘g‘risida yaxshi taassurotga ega bo‘lishlari uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rdik. Mehmonlarga hamrohlik qilish, Samarqand, umuman, O‘zbekiston tarixi va buguni haqida batafsil ma’lumot berish uchun Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti va “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetining 800 nafarga yaqin talabalari, professor-o‘qituvchilar ko‘ngilli sifatida jalb etilmoqda. Mehmonlar sifatli ovqatlanishi, milliy taomlarimizdan tatib ko‘rishlari yoki Samarqandda o‘zlarining taomlarini iste’mol qilishlari uchun shahrimizdagi 28 ta restoran va kafelar tanlandi. Mehmonlarning tarkibi, o‘ziga xos turmush tarzi va ovqatlanish madariyatidan kelib chiqib taomnomalar tuzildi.

Aytish mumkinki, bugun Samarqand YuNESKO konferensiyasiga har tomonlama tayyor. Mehmonlar Samarqandni o‘zlari uchun yangidan kashf etishlariga ishonamiz va kelgusi ikki haftada dunyoda faqat Samarqand nomi jaranglaydi, jahon ahlining nigohi yurtimizga qaratiladi.