Samarqandda kulolchilik maktabi tashkil etilsa...

Usta charx yoniga kelib o‘tirib, ustoz va pirlari ruhi madadkor bo‘lishini tilab, duo qilib, yuziga fotiha tortadi. Keyin o‘ng oyog‘i bilan charxni harakatga keltirib, obdon pishitilgan loydan yangi san’at asari yasashga tushadi. Uskuna gir-gir aylanadi, usta nigohini uzmay, sehrli qo‘llari bilan gilga ishlov beraveradi va u sekin-asta shaklga kiraveradi. Birozdan so‘ng bir parchagina loydan bejirim ko‘za yasaladi. Usta go‘yo go‘dakni ko‘targandek, uni avaylab qo‘liga olib, zavqlanib tomosha qiladi va ohistagini boshqa ko‘zalar yoniga qo‘yadi. Endi uni quritib, xumdonda pishirish, keyin rang va jilo berish zarur.

Usta Umar Jo‘raqulovning so‘nggi shogirdi

Sharif Azimov uchun bu jarayon 55 yildan buyon davom etsa-da, har gal charx yoniga kelganida ko‘nglida allanechuk hislar uyg‘onadi, dunyo tashvishlarini unutib, xayolida pishitib qo‘ygan va ko‘z oldida aniq-tiniq namoyon bo‘lib turgan san’at asarini endi o‘z qo‘llari bilan yaratishga kirishadi. Qulog‘iga faqat charxning bir maromda aylanishi, qo‘llari orasidagi loydan chiqayotgan mayin sas eshitiladi.

U ilk bor bu charx yoniga kelib, ustozi – usta Umar Jo‘raqulovning ishini zavq bilan kuzatgan va unga shogird tushganida 16 yoshdagi o‘spirin yigit edi.

– 1970 yildan 1973 yilgacha, ustozim bandalikni bajo keltirgunlariga qadar, u kishining yonida bo‘lib, hunar o‘rganganman, – deydi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, usta kulol Sharif Azimov. – Usta Umar Jo‘raqulovning ko‘plab shogirdlari bo‘lsa-da men eng so‘nggi shogirdiman va ustozimning ishini davom ettirib kelayotganimdan faxrlanaman. U kishi kulollar sulolasining oltinchi vakili edi. Ming afsuski, ustozimdan keyin farzandlari orasidan bu ishni davom ettiradiganlar chiqmadi. Shuning uchun men ustaning farzandidek Samarqand kulolchilik an’anasini davom ettirib kelyapman. To‘g‘ri, Samarqandda kulollar ko‘p, usta Umar Jo‘raqulovning shogirdlari ham bisyor, lekin shu soha vakillari u kishi yaratgan maktab mening ijodiy ishlarimda davom etib kelayotganini aytishadi. Hozirgacha foydalanib kelayotganim, meni akademik kulol darajasiga ko‘targan charx ham ustozimdan meros qolgan.

Samarqand insoniyat sivilizatsiyasi beshiklaridan biri, ilm-ma’rifat, madaniyat markazi bo‘lgani uchun ham bu yerda hunarmandchilik an’analari tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Samarqandning uch ming yillik tarixi aniqlangan Afrosiyob tepaliklari va boshqa arxeologik yodgorliklardan zardushtiylar, sug‘diylar, kushonlar davriga oid noyob ashyolar orasida eng ko‘p uchragani kulolchilik buyumlari, turli terakota, sopol idishlar bo‘lgan. Binobarin, kulolchilik insoniyat madaniy turmush tarzining ilk belgilari hisoblanadi.

Sohibqiron Amir Temur hukmdorligi yillarida esa Samarqand nafaqat G‘arbu Sharqni bog‘lagan qudratli davlat poytaxti, balki tom ma’noda madaniyat, savdo-sotiq va hunarmandchilik markazi bo‘lgan. Aynan shu davrda qadimiy kentda usta va hunarmandlar mahallalari yuzaga kelgan. Usta Umar Jo‘raqulov shunday mahallalardan biri – Kulolonning vakili edi.

Hozir ham Samarqandda o‘sha qadimiy mahallalar, ota-bobolari hunarini davom ettirib kelayotgan mahallalar mavjud. Ammo ular juda kam va barmoq bilan sanarli. Misol uchun, azaldan hunarmandlar maskani bo‘lgan Konigil (nomidan ham ma’lum, bu yer gilga boy hudud sifatida, ayniqsa, kulollar uchun juda qadrli joy) qishlog‘iga keyingi yillarda yurtimizda qadimiy an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylash va shu orqali sayyohlikni rivojlantirishga qaratilgan e’tibor tufayli “Turizm qishlog‘i” maqomi berildi. Yurtimizdagi birinchi turizm qishlog‘i hisoblangan mazkur maskan bugun chin ma’noda qadimiy shuhratini tiklab, sayyohlik maskaniga aylanmoqda.

Piyoladan “qult-qult” ko‘zgacha

Samarqand kulolchiligi an’analarining bir necha ming yillardan buyon davom etishi va rivojlanishida aynan Konigilning ahamiyat katta.

– Konigil shunday joyki, bu yerda kulolchilik uchun zarur bitmas tuganmas tuproq bor, – deydi Sharif Azimov. – Bizgacha ham undan barakali foydalanishgan, keyingi bir necha avlodlarga ham yetadi. Faqatgina bugungi shiddatkor zamonda bu joylarni turli bino va inshootlar qurish, atrof-muhitga zarar keltiruvchi omillar ta’siridan asrash zarur. To‘g‘ri, boshqa joylarda ham kulolchilik uchun tuproq, gil topish mumkin, lekin yarim asrlik kulol sifatida ayta olamanki, hech qayerning loyi Konigilnikidek bo‘lmaydi. Men ma’lum vaqt Amerikada ishlashimga to‘g‘ri kelgan. U yerda ham kulolchilikda foydalanishga mo‘ljallangan 50 xildan ortiq tuproq bor, har biridan ko‘zalar yasaganman. Lekin Konigil tuprog‘idek mayin, shirali loy boshqa joyda uchramaydi. Ustozim faqat shu tuproqdan buyumlar yasagan, men ham undan foydalanib kelyapman. Usta qo‘l ostida yasagan birinchi buyumim – piyola ham Konigil tuprog‘idan edi.

Usta Umar Jo‘raqulov kulol sifatida turli xil buyumlar yasagan. Sharif aka esa faqat ko‘zagarlik bilan shug‘ullanib, bu ishni san’at darajasiga ko‘tardi.

– Ustoz shogirdiga hamma hunarini ham o‘rgatmaydi, ayrim sirlarni aytmaydi, degan gap bor, – deydi Sharif Azimov. – Buni har kim turlicha talqin qilsa-da, asl haqiqat shuki, shogird ustozi aytmasa, o‘rgatmasa-da uning xatti-harakatlarini kuzatib, gap-so‘zlarini eshitib, o‘zi anglashi, hunarni mukammal o‘rganib olishi kerak. Ya’ni, shogird har bir jarayonni diqqat bilan kuzatishi, zehni, farosati bilan ustozining xatti-harakatidan saboq olishi lozim. Menga ham ustozim uni qil, buni yasa, deb aytib o‘tirmasdi. O‘zim ko‘rib, kuzatib, keyin u kishi singari buyumlar yasashga intilganman. Masalan, “qult-qult” ko‘zani faqat usta Umar Jo‘raqulov yasardi. Bu shunday ko‘zaki, og‘iz qismi shaklini biroz o‘zgartirish va ayrim detallar o‘rnatish orqali, idish bo‘sh bo‘lsa ham ichidan suv oqayotgandek “qult-qult” ovoz chiqadi (shuning uchun ko‘za shunday nomlangan). Ustozim shu ko‘zani yasash jarayonini diqqat bilan kuzatishimni aytardi va tayyor bo‘lgach, eshitib ko‘rishimni so‘rardi. Keyinchalik o‘zim mustaqil ishlab boshlagach, shu sohada birmuncha tajriba orttirgach, “qult-qult” yasab ko‘rishga kirishdim. Ko‘za loyini tayyorlashdan pishirishgacha bo‘lgan jarayonda ustozimning har bir harakatini ko‘z oldimga keltirib, ishladim va kutganimdek ko‘za chiqdi.

Luvrdagi Samarqand ko‘zalari

Ko‘p yillar Samarqand viloyati va respublika hunarmandlariga bosh bo‘lgan, ayni paytda esa respublika “Hunarmand” uyushmasi raisining maslahatchisi sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan Akobir Hakimovning aytishicha, Sharif Azimov Samarqand kulolchilik maktabi an’analari davom ettirib, qadimiy Afrosiyob, Kushon kulolchiligi tiklanishiga katta hissa qo‘shdi.

– Sharif aka kulolchilikning murakkab yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan ko‘zagarlik bilan shug‘ullanib, bu borada o‘ziga xos maktab yaratdi, – deydi Akobir Hakimov. – An’anaviy kulolchilik bilan birga Samarqand va Termiz shaharlaridan topilgan qadimiy ko‘za va boshqa idishlarga qarab yoki ular haqida ma’lumotlar asosida o‘sha davrlarga xos kulolchilik buyumlari yasashni o‘zlashtirdi. Bugun u kishi yasagan turli xil ko‘zalar mamlakatimizdagi muzeylar, xalq amaliy san’ati ko‘rgazmalaridan o‘rin olgan, milliyligimiz ko‘zgusi sifatida xorijiy mamlakatlardagi elchixonalarimizga joylashtirilgan. Amerika Qo‘shma Shtatlari, Fransiya, Rossiya va boshqa mamlakatlarda ko‘rgazmalar o‘tkazgan. Hatto, dunyoga mashhur Luvr, Ermitaj muzeylarida ham Sharif Azimov ko‘zalarini ko‘rish mumkin. Yurtimizga tashrif buyurgan nufuzli delegatsiyalar, davlat rahbarlariga Sharif Azimov yasagan ko‘zalar noyob hunarmandchilik buyumlari sifatida namoyish etilgani va sovg‘a qilinganiga ko‘p guvoh bo‘lganman.

1997 yilda mamlakatimizning ilk bor Badiiy akademiya tashkil etilganda Sharif aka dastlabki a’zolardan biri sifatida mazkur akademiya a’zoligiga qabul qilingan. 2011 yilda esa Prezident sovrini uchun “Tashabbus” respublika ko‘rik-tanlovida “Eng yaxshi hunarmand” deb e’tirof etilib, avtomobil bilan taqdirlangan. Bundan tashqari, u kishi turli xalqaro tashkilotlar, respublika Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya, ko‘plab ijodiy uyushma va tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlarda e’tirof etilib, ko‘plab faxriy yorliq va tashakkurnomalar, sertifikatlar bilan taqdirlangan.

Yaqinda Sharif Azimov 70 yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘z xonadonida “Afrosiyob sadosi” deb nomlangan shaxsiy ko‘rgazma uyushtirdi. Unda kulol tomonidan yasalgan mingdan ortiq ashyolar namoyish etildi.

– Bugun yurtimizdagi ko‘plab muzeylar, ko‘rgazmalarda men yasagan buyumlar namoyish etilsa-da, san’at shaydolari ular bilan yaqindan tanishishlari uchun Xalfa Ibrohim mahallasida – o‘z xonadonimda ko‘rgazma tashkil etdim, – deydi akademik kulol. – Ko‘rgazmadan o‘zim yasagan ming xil ko‘zalar, qadimiy kulolchilik buyumlari namunalari, shuningdek, o‘g‘limning ijodiy asarlari o‘rin olgan. Xalqimiz, xorijlik sayyohlar ham xonadonimizga kelib, ko‘rgazmani tomosha qilishlari, ish jarayonimiz bilan tanishishlari mumkin.

Orzuim – Samarqandda kulolchilik maktabi tashkil etish

Sharif Azimov bir necha yil Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti talabalariga kulolchilikdan saboq berdi. Hozirda Samarqandda bo‘lsa ham tez-tez poytaxtga borib, yoshlarga o‘z mahorat va tajribalarini o‘rgatib kelmoqda.

– Badiiy akademiya tashkil etilib, ilk a’zolar qabul qilinganda biz 66 nafar edik, afsuski hozir 28 nafar qolganmiz, – deydi Sharif aka ko‘ziga yosh olib. – Juda ko‘p safdoshlarimiz, usta va hunarmandlar, rassomlar, asl san’atshunoslar dunyodan o‘tdi. Yurtimiz madaniyati, san’ati uchun ulardan boy meros qoldi. Lekin meni boshqa narsa o‘ylantiradi, ya’ni ularning izdoshlari bormi, ishlari davom etadimi? Shundan biroz dilim og‘riydi. Talabalarga saboq berish jarayonida, xalq amaliy san’atining boshqa turlarini bilmadimu, kulolchilik bo‘yicha iste’dodli yoshlar bor ekan. Shunisiga ham shukr. Ammo ana shu iste’dodli yigit-qizlarning bu hunar bilan shug‘ullanishi, uni san’at darajasiga ko‘tarishi uchun ularga sharoit yaratib berish lozim. O‘qitgan talabalarim, shogirdlarimning ko‘pi ishlashga imkoniyat yo‘qligidan boshqa ishlar bilan shug‘ullanishyapti, tirikchilik tashvishida yuribdilar. Men-ku, imkoniyat borligi uchun uyimda sharoit qilib olganman – charxdan tortib tegirmon, xumdongacha o‘zimda bor. Boshqalar, ayniqsa, yoshlarning hammasi ham bunday ustaxona qilib ololmaydi-da. Bu borada ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, iste’dodini ro‘yobga chiqarishga sharoit yaratish kerak.

Samarqand kulolchilik maktabi yoki shu yo‘nalishda kafedra tashkil etish mening ko‘p yillik orzuim. Chunki, kulolchilik 7 ming yillik tarixga ega bo‘lsa, Samarqand kulolchiligi paydo bo‘lganiga 5 ming yildan oshgan. Xalq amaliy san’atining zarvarag‘i kulolchilik hisoblanadi. Biz uning ayrim sahifalari bilangina tanishmiz xolos. Agar bu ishga faqat hunar deb emas, chinakam san’at sifatida qarasak, nafaqat xalqimizning o‘tmishini o‘rganishimiz, balki bugun va kelajagimiz, sayyohlik uchun muhim yo‘nalishga ega bo‘lamiz.

Odatda, usta va hunarmandlar o‘z ishini farzand va nabiralari davom ettirishini istaydi, bor mahoratini ularga o‘rgatishga harakat qiladi. Bizning sulolamizdan hunarmand chiqmagan. Shunga qaramay, ustozim usta Umar Jo‘raqulov menga kulollikni o‘rgatib, oq fotiha bergan. Allohga shukr, shu paytgacha hayotda qanday muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsam, shu hunar tufayli erishdim, ozmi-ko‘pmi obro‘-e’tibor qozondim. O‘g‘lim hunar o‘rganib, ishimni davom ettirishidan ko‘nglim to‘q. Lekin men bu kulolchilikni, Samarqand kulolchiligidan o‘nlab, yuzlab hunarmandlar davom ettirishini, uni san’at darajasiga ko‘tarishini istayman. Buning uchun necha yoshda bo‘lmay, xizmat qilishga, tajribalarimni yoshlarga o‘rgatishga tayyorman.

G‘olib Hasanov.