Yevropa Ittifoqi yangi davlatlarni qabul qilish tartibini soddalashtiradi
YeI kengayish jarayonini tezlashtirish maqsadida yangi a’zo davlatlarni qabul qilish tartibini soddalashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshtaning aytishicha, amaldagi tizim juda murakkab bo‘lib, muzokaralar jarayonida o‘nlab ovoz berish bosqichlarini talab qiladi. U qaror qabul qilish bosqichlarini qisqartirish orqali jarayonni samaraliroq qilish mumkinligini ta’kidladi.
Taklifga ko‘ra, a’zolik bo‘yicha muzokaralarning ayrim bosqichlarini boshlash uchun barcha davlatlarning bir ovozdan roziligi talab qilinmasligi mumkin. Biroq yakunlovchi qarorlar uchun YeIga a’zo barcha mamlakatlar roziligi saqlanib qoladi.
Hozirgi qoidalarga ko‘ra, har bir bosqichni boshlash va yakunlash uchun barcha a’zo davlatlarning yakdil ma’qullashi zarur. Bu esa ayrim mamlakatlarga veto huquqidan foydalanib, jarayonni cho‘zish imkonini beradi.
Bu muammo, ayniqsa, G‘arbiy Bolqon davlatlari misolida yaqqol ko‘rinmoqda. Ularning ayrimlari YeIga qo‘shilishni yigirma yildan ortiq vaqtdan beri kutmoqda.