“Besh tashabbus olimpiadasi”: Samarqandlik yoshlar respublikada birinchi

Endi viloyatdagi 23 ta mahallaga sport maydonchalari qurib beriladi.
Mahalla yoshlarini sportga keng jalb etish va iqtidorli sportchi-yoshlarni saralab olish maqsadida mamlakatimizda “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilgi olimpiadada 14–30 yosh toifasidagi mahalla yoshlari sportning 14 ta turi – stritbol, vorkaut, shaxmat, shashka, yengil atletika, futbol, mini-futbol, stol tennisi, armrestling, gimnastrada, voleybol, kurash, gandbol hamda adaptiv sport turlari bo‘yicha besh bosqichdagi musobaqalarda bellashdi.
Musobaqalarda ishtirok etish uchun “5tashabbus.uz” platformasi orqali 612 ming nafardan ziyod yoshlar ro‘yxatdan o‘tdi. Ularning 581 ming 890 nafari bellashuvlarda faol ishtirok etdi.
Viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Jasur Nurmanovning ma’lum qilishicha, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning respublika bosqichida viloyatimiz sportchilari umumjamoa hisobida 19 ta oltin, 14 ta kumush va 9 ta bronza medali bilan mamlakat bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi.
– Olimpiadaning “A” liga bosqichida oltin medalga sazovor bo‘lgan 9 ta mahallaga universal sport maydonchasi, kumush medalga ega bo‘lgan 8 ta mahallaga strit vorkaut, bronza medalini qo‘lga kiritgan 6 ta mahallaga esa vorkaut maydonchalari qurib beriladi, – deydi J.Nurmanov. – Aytish joizki, bu natijalarga erishishda sport maktablaridagi murabbiylarning hissasi katta. Chunki har bir hududga biriktirilgan trenerlar yordami bilan musobaqalarning mahalla, sektor, tuman-shahar va viloyat bosqichlari yuqori saviyada tashkil etildi. Bellashuvlar davomida iqtidorli yoshlar saralab olinib, murabbiylar yoshlar bilan tizimli ish olib bordi.
Endilikda respublika bosqichida yuqori natijalarga erishgan yoshlar sport maktablarining zaxira tarkibiga imtiyozli ravishda qabul qilinadi. Bu esa ularning kelgusida milliy terma jamoalar tarkibiga kirishi uchun zamin yaratadi.