Besh tashabbus to‘laqonli amaliyotga tatbiq etilsa, o‘quvchi vaqtini ortiqcha narsalarga sarflamaydi

Bolada jinoyat va huquqbuzarlikka moyillik, axloqsizlik va ta’lim-tarbiyasidagi bo‘shliqlar qachon paydo bo‘ladi? Albatta, nazoratsiz qoldirilganda, ota-ona, ta’lim muassasasi va pedagogning e’tiborsizligi oqibatida paydo bo‘ladi. Bugun ana shunday noxush holatlarning oldini olishga nechog‘lik e’tibor qaratyapmiz? O‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil eta olyapmizmi?

Samarqand shahridagi 8-umumta’lim maktabida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus ijrosini ta’minlash, o‘quvchilar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish hamda ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida tashkil etilgan “Umumta’lim maktablarida 5 ta tashabbus amalda” mavzusidagi viloyat seminarida ana shunday muhim savollar o‘rtaga tashlandi.

Unda ishtirok etgan tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limi mudirlari o‘rinbosarlari, ma’naviyat sho‘’basi rahbarlari, maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, o‘qituvchi va o‘quvchilar 8-umumta’lim maktabida namunali tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati bilan tanishdi. Shu bilan birga, muassasada Xalq ta’limi vazirligi buyrug‘i bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablari hovlisini, bino yo‘laklari hamda sinfxonalarini  stendlar bilan jihozlashning namunaviy talablariga e’tibor qaratishdi.

- Har bir maktabda Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusini to‘laqonli tatbiq eta olsak, farzandlarimiz vaqtini ortiqcha narsalarga sarflamaydi, - dedi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ozod Jangirov. - Shu bois 5 tashabbus doirasida shunchaki tadbir o‘tkazib, ko‘rgazma tashkil etib qo‘ymaslik kerak. Uni amalda qo‘llab, o‘quvchilardagi iqtidorni, qiziqishlari doirasidagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlash lozim. Negaki, barcha o‘quvchini bir paytning o‘zida kitobxon qila olmaymiz. Balki, u sport turlariga qiziqar yoki axborot texnologiyalari sohasida noyob iqtidori bordir?! Biri ashula aytishga, yana biri cholg‘u asbobini chalishni istar, boshqa san’at turlariga qiziqadiganlari ham talaygina. Muhimi, biz uni bo‘sh qo‘ymasligimiz, orzu-umidlarini amalga oshirishga ko‘maklashishimiz lozim.

Seminar umumta’lim maktablarining iqtidorli o‘quvchilari tomonidan namoyish etilgan badiiy chiqishlari bilan yakunlandi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.