Shaxs kamolotining hayotiy formulasi
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yoshlar ta’lim-tarbiyasiga oid besh ijobiy tashabbusni barchamiz o‘ziga xos mamnuniyat va xayrixohlik bilan qarshi oldik. Ta’bir joiz bo‘lsa, bir ovozdan qo‘llab-quvvatladik, berilgan vazifalarni bajarishga kirishdik.
Lekin joylarda natijadorlik, samaradorlik bir xilmi? Ushbu tashabbuslarning asl mazmun-mohiyatini qay darajada angladik?
Har birimizda ana shunday o‘rinli savollarga asosli, jo‘yali javoblar bo‘lishi shart. Chunki bugun taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarilayotgan O‘zbekistonning imiji jahon hamjamiyati ko‘z o‘ngida kundan-kunga yorqinlashmoqda. Barcha sohada tub burilishlar yuz berayotgan ana shunday bir davrda islohotlar shiddatiga mos yangi avlodni, yangi shaxsni tarbiyalash Prezidentimiz tomonidan eng muhim va dolzarb vazifa sifatida davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu boradagi ezgu intilishlarning ustuvor yo‘nalishlari esa besh tashabbus timsolida aniq belgilab berildi.
Butun mamlakat bo‘ylab keng quloch yozayotgan tashabbuslarni amalga oshirishda, shunchaki, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishgina ko‘zda tutilmagan. Buning zamirida juda katta ezgu g‘oya, hikmat, ilmiy tafakkur mahsuli bo‘lgan ulug‘ maqsad-muddaolar bor.
Chunonchi, farzandlarimizni musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atga oshno qilishga qaratilgan birinchi tashabbus yuksak did, yuksak farosat sohiblarini tarbiyalashga qaratilgan intilishlarni o‘zida mujassam etgan. Axir birgina musiqaning o‘zi inson ruhiyatiga beqiyos ijobiy ta’sir etuvchi qudratli kuchdir. San’at, shubhasiz, insonni, borliqni anglashga, uning bor jozibadorligini his etishga o‘rgatadi, ezgulikka chorlaydi.
Ikkinchi tashabbus - yoshlarni jismoniy tarbiya, jismoniy madaniyat, sportga oshno qilish - har tomonlama sog‘lom avlodni kamolga yetkazish demakdir. Chunki faqat qaddi-basti tik, jismonan baquvvat va sog‘lom, ruhan tetik, aqlan raso o‘g‘il-qizlargina komillikka da’vogar bo‘ladi.
Yoshlarning kompyuter va internetdan samarali foydalanishiga sharoit yaratishga qaratilgan uchinchi tashabbus ertamiz egalarining hozirgi axborot texnologiyalari asrida zamon bilan hamnafas yashashiga imkon yaratadi.
Bugun kompyuter - qog‘oz-qalam, kalkulyator, televizor, gazeta darajasidagi yangi vosita, o‘quv quroli. Zamonaviy bilim manbai. Internet - butun boshli xalqaro kutubxona, cheksiz imkoniyatlar dunyosi. Jahonga yuz tutayotgan O‘zbekiston farzandlari tengdoshlaridan ortda qolmasin, desak, ular shu vositalarni qo‘llash ko‘nikmasini egallashi shart.
Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish to‘rtinchi tashabbusning asosini tashkil etadi. Zero, yuksak did, yuksak farosatga ega, jismonan sog‘lom, zamonaviy axborot texnologiyalarini puxta egallagan yoshlarimiz, albatta, ilmli, ma’rifatli bo‘lishi kerak. Bilim, tafakkurni shakllantirish manbai esa — kitob. Usiz kamolotga, ma’rifatga, ma’naviyatga erishib bo‘lmaydi.
Xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan beshinchi tashabbusning ahamiyati ham cheksiz. Uning mohiyatida jamiyatda xotin-qizlar o‘z o‘rniga, mavqeiga ega bo‘lsin, degan ezgu maqsadlar mujassam. Bu gender tengligi, munosib mehnat tarbiyasi, ayollarimizni mehnatga oshno qilish uchun birlamchi sharoit bo‘lgan yangi ish joyi degani. Lekin hayotimiz guli, xonadonlarimiz charag‘oni bo‘lgan ayollarimizning mavqeini qanday ko‘tarishimiz mumkin? Xotin-qizlarimiz o‘z haq-huquqini tanishi, himoya qilishi, farovon yashashi, to‘kis hayot kechirishi, mustaqil qaror qabul qilishi, moddiy va ma’naviy qaramlikdan xalos bo‘lishi uchun, avvalo, o‘z ishiga, kasb-koriga, daromadiga ega bo‘lishi kerak. Agar ayol oila farovonligiga turmush o‘rtog‘i singari hissa qo‘shsa, demak, o‘z o‘rni va so‘ziga ega bo‘ladi, shu oiladan to‘kin-sochinlik, farovonlik, qut-baraka arimaydi.
Aslida, xotin-qizlarimizni ish bilan ta’minlash jiddiy muammo. Chunki yaratilayotgan ish o‘rinlarining aksariyati erkaklar uchun mo‘ljallangan. Qolaversa, ish beruvchilar ham ro‘zg‘or tashvishlaridan xoliroq kuchli jins vakillarini ishga olishga intiladi. Ana shu o‘tkir ijtimoiy muammoni bartaraf etish uchun beshinchi tashabbus sifatida ayollar bandligini ta’minlashdek xayrli ishga qo‘l urilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, besh tashabbus - nozik did, keng tafakkur va dunyoqarashga ega, jismonan va ruhan sog‘lom farzandlarimizning o‘z kelajagini ishonch bilan qurishlari hamda Vatan ravnaqiga hissa qo‘sha oladigan yetuk inson bo‘lib yetishishlariga mustahkam zamindir. Besh tashabbus - madaniyat, ma’rifat, ma’naviyat va sport, kompyuter va axborot texnologiyalari va yangi ish o‘rinlarini o‘zida birlashtirgan yagona innovatsion hudud, makon, muhit demakdir.
Besh tashabbus - shaxs kamoloti uchun zarur bo‘lgan 5 muhim omilni, xususiyat, xislat, fazilatni shakllantirish uchun yagona makonda barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish demakdir. Besh tashabbus – “Yurtimizga xizmat qilishda vijdonli, insofli va halol bo‘lishimiz shart!”, deya qat’iy ahd qilgan, zehni o‘tkir, madaniyatli, vijdonli, vatanparvar, jismonan chiniqqan, kreativ fikrlaydigan, dunyodagi ilg‘or tengdoshlari bilan raqobatlasha oladigan yoshlarni tarbiyalash demakdir.
Besh tashabbus — yangilanayotgan O‘zbekistonning yangi avlodini shakllantirishning eng maqbul paradigmasi — konsepsiyasidir. Agar ushbu tashabbuslarning barchasi bir joyda, ya’ni mahallada mujassamlashsa, bilingki, shu mahalla farzandlari baxtiyor voyaga yetadi. O‘z ishiga, daromadiga, oilaviy farovonlikka erishgan shu hudud xotin-qizlaridan baxtli ayollar bo‘lmaydi. Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan g‘oyaning asl qadr-qimmati va mohiyati ham shunda.
Yana bir muhim jihat: Prezidentimiz shu yagona muhit, makon, shart-sharoitlarni aynan mahallada yaratish kerakligini uqtirdilar. Chunki, O‘zbekiston mahallalardan tashkil topgan. Barchamiz mahallada yashaymiz. Yoshlarimiz mahallada voyaga yetadi, unib o‘sadi.
Shu bois besh tashabbusni amalga oshirish jarayonida mahalla aholisining yashash sharoiti, mavjud infratuzilma, yo‘llar, ichimlik suvi, gaz bilan ta’minlanganligi, elektr tarmog‘i, ko‘chalarning yoritish tizimi o‘rganilmoqda. Oilaviy tomorqalar, ishsizlik, odamlarning yashash sharoiti, oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit tahlil etilmoqda, muammolarni bartaraf etishning zarur choralari ko‘rilayotir.
Mahallalarda madaniyat markazlari, zamonaviy kutubxonalar, kitob o‘qish uchun sokin joylar, zamonaviy to‘garaklar, kompyuter va tezkor internet, Wi-Fi hududlari, kovorking xonalari, raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari, amfiteatrlar, universal sport maydonlari bunyod etilmoqda. Bu ob’yektlar zarur o‘quv qo‘llanmalari, badiiy adabiyotlar, musiqa va cholg‘u asboblari, sport jihozlari, optik tolali aloqa liniyalari bilan ta’minlanmoqda. Xotin-qizlarimiz uchun muqim, munosib ish o‘rinlari yaratilyapti.
Zero, inson umr bo‘yi kamolga intiladi. Aqliy, ruhiy, jismoniy yetuklikka. Davlatimiz rahbari barchamizga ana shu kamolotga erishishning eng oddiy, eng sodda, eng to‘g‘ri, mohiyatan o‘ta mukammal shaklini — shaxs kamolotining hayotiy formulasini taqdim etdi. Bu ezgu g‘oyani amalga oshirish uchun esa, eng avvalo, ana shu haqiqatni chuqur anglashimiz lozim. Shunda besh tashabbus butun O‘zbekiston uzra qanot yozadi, mamlakatimizning barcha hududlarida keng joriy qilinadi. Bu boradagi ezgu ishlarning kelajakdagi mevasi, mahsuli esa undan bahra olgan yangi O‘zbekistonning yangi avlodi erishgan yuksak marralarda namoyon bo‘lishiga shubha yo‘q.
Murodullo XOLMUHAMEDOV.