Bo‘zatovga boradigan 12 nafar samarqandlik aniqlandi
Samarqandda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida madaniyat va san’at yo‘nalishi bo‘yicha “Yoshlar ovozi” Bo‘zatov FEST tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda tanlovning quyi bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 145 ishtirokchi uch (10-15, 16-22 va 23-30) yosh toifasida baxshichilik, an’anaviy ijro (maqom, katta ashula), opera va estrada yo‘nalishlarida o‘z iqtidorini namoyon etdi.
Tanlov qatnashchilarining chiqishlarini nufuzli hakamlar hay’ati baholab bordi va yakunda barcha yosh toifalari va yo‘nalishlar bo‘yicha 12 nafar g‘olib aniqlanib, mamlakat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
– Tanlovda juda ko‘plab iste’dodli tengdoshlarimni ko‘rdim, ular bilan tajriba almashdik, – deydi 16-22 yoshlilar toifasida an’anaviy ijrochilik yo‘nalishi g‘olibi Otabek Abdullayev. – Ayni paytda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida tahsil olaman. Albatta, g‘oliblikni qo‘lga kiritishimda institutda olgan bilimlarim, ustozlarimning o‘gitlari as qotdi. Endi nasib etsa, respublika bosqichida ham munosib ishtirok etib, yuqori o‘rinlarni egallashni niyat qilib turibman.
Yoshlar ishlari agentligi va madaniyat vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda 2021 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan mazkur tanlov baxshichilik, an’anaviy ijro, opera va estrada yo‘nalishlarida ijod qilayotgan yosh iste’dodlarni kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash, katta sahnalarda o‘z san’atini namoyish etishi uchun keng yo‘l ochib berish, havaskor va professional ijodkorlarni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan.
Tanlovning mamlakat bosqichi g‘oliblari 20 million so‘mdan 50 million so‘mgacha mukofot puli bilan taqdirlanadi. Shuningdek, ushbu bochqichga chiqqan boshqa qatnashchilarning har biri 10 million so‘mdan rag‘batlantiriladi.
Bu yilgi tanlovning yakuniy bosqichi may oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanida o‘tkaziladi.