“Besh tashabbus olimpiadasi”: Samarqandlik yoshlar 13 ta oltin, 1 ta kumush va 9 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi

“Besh tashabbus olimpiadasi”ning respublika bosqichida viloyatimiz sharafini himoya qilayotgan 300 nafardan ziyod yoshlar 19 yo‘nalishda sport musobaqalari va tanlovlarda faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallamoqda.

Xususan, olimpiada doirasida shashka bo‘yicha “A” liga bahslarining 16-21 yosh toifasida ishtirok etgan Samarqand shahar Ipak yo‘li mahallasida yashovchi Shahrizod Hamidov musobaqada ikkinchi o‘rin bilan kumush medaliga sazovor bo‘ldi. Mazkur yosh toifasida stol tennisi bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasidagi  “A” liga musobaqalarida Past Darg‘om tumani Olmazor mahallasi sharafini himoya qilgan Nurxon Allamurodova esa oltin medalga ega chiqdi.

Yengil atletika bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan “A” liga bahslarining 16-21 yosh toifasida Urgut tumani O‘ramas mahallasi yoshlari hamda 27-30 yosh toifasida Kattaqo‘rg‘on shahar Amir Temur mahallasi yoshlari respublika birinchiligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 16-21 yosh toifasida Oqdaryo tumani Amir Temur mahallasi xotin-qizlari uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.
Stritbol bo‘yicha “A” liga bahslari natijasiga ko‘ra, o‘g‘il bolalar o‘rtasida 27-30 yosh toifasida Samarqand tumani Turkman mahallasi yoshlari mutlaq g‘olib deb topildi. Shu liga bahslarining 22-26 yosh toifasida Toyloq tumani Xo‘jayuz mahallasi xotin-qizlari uchinchi o‘rinni band etdi.

Umumjamoa hisobida samarqandlik yoshlar “Besh tashabbus olimpiadasi”ning hozirga qadar o‘tkazilgan respublika musobaqalarida 13 ta oltin, 1 ta kumush va 9 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ayni paytda bellashuvlar davom etmoqda.
Olimpadada 1, 2 va 3-o‘rinlarni qo‘lga kirtigan yoshlar sport turlari va tanlov yo‘nalishlariga qarab, milliy terma jamoa tarkibiga saralanadi va ularning mahallasiga sport maydonchalari qurib beriladi.