Puli ko‘p odam boymi?

Nega bir xil daromadga ega bo‘la turib, ba’zi odamlar qashshoqlikka g‘arq bo‘ladi, boshqalarining esa “yegani oldida, yemagani esa...”.

Pulning boylikka hech qanday aloqasi yo‘q, deydi chuqur fikr qiluvchi kishilar.

Hayron qoldingizmi? Keling, shu gapni tahlil qilishga harakat qilib ko‘ramiz. Masalan, oramizda o‘rtacha bir xil daromadga ega odamlar bor. Ulardan biri doimiy ravishda pulni tejasa-da, zo‘rg‘a kun kechirayotgani haqida gapirib keladi. Boshqalari esa hashamatli turmush tarzini olib boradi, qimmatbaho uylar, mashinalar sotib oladi, yiliga bir necha marta sayohatga chiqadi. Demak, “Baxt pulda emas, balki uning sarflanishida”, degan gipoteza to‘g‘ri bo‘lib chiqyaptimi?

Tarbiya va odatlar

Sobiq ittifoq davridagi kuponlar, tanqislik va daromadlar kam bo‘lgan davrlarda hech narsasi bo‘lmagan oilalarda o‘sgan kishilar iloji boricha hamma narsani tejashga harakat qilishgan. Shu sababli katta hayotda ular “tejamkorlik boylikning onasi” degan naqlga tayanib yashaydi. Hatto eng kam maosh olsalar ham, bunday odamlar har doim shaxsiy jamg‘arma qilib qo‘yishadi va har qanday vaziyatlarda hech qachon qarzga botmaydi.

Juda yaxshi va oddiy qoida bor – agar har bir daromadingizning kamida 10 foizini moliyaviy yostiq sifatida olib qo‘yib, shundan keyingina boshqa barcha xarajatlaringizga sarflasangiz, ishoning, g‘amlangan 10 foiz farq uncha sezilmaydi, ko‘ribsizki, favqulodda vaziyatlar fondi to‘plana boshlaydi.

Byudjet

Ikkinchidan, bu byudjetni rejalashtirish va xarajatlarni nazorat qilishdagi boshqacha yondashuv. Ba’zilar sarflangan har bir tiyinni yozib qo‘yadi va rejadan tashqari xaridlarni kamaytirishga harakat qilib, sarflash zaruriyatini tahlil qilib boradi.

Bu yerda, ular bolaligida eshitgan "bunga pul yo‘q", "pul topish osonmi senga", kabi gaplarni eslaydi, aynan ana shu gaplar ularga pul sarf qilib, o‘ziga xohlagan narsasini sotib olishga ruxsat berishga to‘sqinlik qilayotgan  bo‘lsa ajabmas.

Boshqalar esa pulni osonlikcha va ko‘pincha oqibatlari haqida o‘ylamasdan sarflayveradi. Ular pul ham keladi, ham ketadi tamoyili asosida yashaydi. Keyin esa kommunal to‘lovlarni qanday to‘lash haqida o‘ylab yuradi. Bunday odamlar, o‘zi aytganidek, maoshdan avansgacha kun ko‘rib yashaydi.

Ustuvorlik va qadriyatlar

Hayotiy ustuvorliklar va qadriyatlar juda muhim rol o‘ynaydi. Ba’zi odamlar uchun hatto qarz olishlari kerak bo‘lsa ham o‘ziga maksimal "boylik" va qulaylikni bugun va hozir ta’minlashi muhim. Ular bunga shunchalik qattiq yopishganki, byudjeti cheklangan bo‘lsa-da, ko‘pincha kechki ovqatni restoranda yoki yetkazib berish xizmatidan foydalangan holda qilishadi. Bunday kishilar daromadlari ruxsat etganidan ko‘proq pul sarflab, o‘z imkoniyatlaridan tashqarida yashaydilar.

Boshqalar uzoq muddatli barqarorlik va xavfsizlikni ustuvor qo‘yadi, shuning uchun ular hisoblaydi, tejaydi va sarmoya kiritadi. Ehtimol, ular restoranlarga tez-tez bora olmas yoki o‘ziga qo‘shimcha poyabzal sotib olmaydi, lekin qarz ostida yashamaydi va har doim g‘amlab qo‘ygan puli bor, va o‘z imkoniyatlari doirasida yashaydi.

Qanday qilib o‘z imkoniyatlari doirasida yashash mumkin? Albatta, bu ko‘nikmaga byudjetni rejalashtirish, xaridlarga oqilona yondashish, qanday tejashni bilish - lekin shu bilan birga ko‘proq pul topish va yaxshiroq yashash uchun bir joyda turib qolmaslik, o‘zini rivojlantirmaydigan doiraga kirmaslik orqali ega bo‘lish mumkin.  Axir, pul hayot maqsadi emas, balki shunchaki vositadir.

***

P/s: Moliyaviy barqarorlikka erishish uchun siz o‘zingizni butunlay cheklab qo‘ymasligingiz va o‘zingizni kichik quvonchlardan mahrum qilmasligingiz kerak. Pulni tejash va sarflash o‘rtasidagi muvozanatni topish muhimdir. Hayotdagi asosiy boylik, bu - bankdagi hisob hajmi emas, balki sog‘liq, oilamiz va yaqinlarimiz ekanligini unutmang.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.