Samarqandda to‘y dasturxoniga tirik baliqlar qo‘yilganiga munosabat bildirildi

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Samarqand viloyat partiya tashkiloti ijroiya qo‘mitasi a’zolari, ijtimoiy tarmoqlar orqali joylashtirilgan “Samarqand shahridagi to‘yxonalardan birida dasturxonga bezak sifatida tirik baliqlar qo‘yilganligi” haqidagi material yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Ayrim fuqarolar tomonidan to‘y dasturxonida tirik baliqlar qo‘yilayotgani bu nafaqat tabiatimiz, balki tabiiy resurslar, hayvonot va nabotot dunyosiga qo‘pol va to‘ralarcha munosabatdan dalolatdir.
Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz va hukumat tomonidan joriy “Atrof-muhitni asrash va “Yashil” iqtisodiyot yili”da ekologiya, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash yuzasidan ijobiy o‘zgarishlar qilinayotgan, Prezidentimizning joriy yil 15 maydagi PQ 184 – sonli qarori asosida aholining ekologik madaniyatini oshirish yuzasidan ustuvor vazifalar belgilanayotgan davrda, ayrim fuqarolarning yuqoridagi singari xatti-harakatlarini jiddiy qoralaymiz.
Yana bir gap. Prezidentimizning 2025 yil 21 aprel kuni qabul qilingan farmoyishi asosida to‘ylar, dafn marosimlari, oilaviy tantanalar va boshqa marosimlarni tartibga solish uchun yangi hujjat ishlab chiqilgan.
Hujjatga ko‘ra, joriy yilning 1 avgustidan boshlab to‘yxonalarda oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni 50 kishidan ko‘p bo‘lmagan (yaqin qarindoshlar va ushbu tuman hududida istiqomat qiluvchi boshqa qarindoshlar) hamda sanitariya va gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazish tartibi kiritilishi ko‘zda tutilgan edi.
Yuqoridagi singari to‘yxona va bazmgohlarda sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlarga guvoh bo‘lganimizda to‘y tantanalari, oilaviy maraka va marosimlar o‘tkazilishida tegishli tashkilotlar tomonidan jiddiy nazorat o‘rnatilishi vaqti yetib kelganligini ilg‘ash mushkul emas.
Barpo etilayotgan fuqarolik jamiyatining asosini kuchli qonunchilik tizimi tashkil etgan taqdirda, fuqarolar qonunga itoat etishi kundek ravshan.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Samarqand viloyat boshqarmasi
ijroiya qo‘mitasi a’zolari.