Dabdaba ortidagi fojia yoki odamlar nima deydi?
To‘y - bu asli nikoh asnosidagi oilaviy marosim hisoblansa-da, keyingi paytlarda bu kimo‘zarga bahslashadigan, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘zining nechog‘li “to‘q”ligini boshqalarga namoyish etadigan vositaga aylandi.
"Odamlar nima deydi” deb, bir kunlik shodiyona uchun borimizni berib, qarzga botib, keyinchalik o‘sha “ko‘z- ko‘z” tufayli bir necha yil zahmat chekishga majbur bo‘lyapmiz. O‘ziga to‘q, “oshib-toshib” yotgan oilalarga balki bu bilinmas. Lekin keyingi paytlarda bu “orzu-havas”lar borasida tafovut qisqarib, hech kimning birovdan kam bo‘lgisi yo‘q. Afsuski, bugungi kimo‘zarda dong taratuvchi, ertangi “jabrdiyda”ga aylanib qolmoqda.
Bu borada hayotiy misollarga murojaat etsak: Qurbon aka 57 yoshda. U kishi 20 yildan buyon Rossiyaga qatnaydi. U muhojirlikning ilk yillarida topganiga uy solib, “uy to‘yi” qildi. Keyingi yillar topganiga dang‘illatib “o‘g‘il to‘yi” qildi.
- “Odamlar nima deydi”deb, qarz ko‘tarsa-da “dushman ko‘ziga” mashina oldi, ungayam “mashina to‘yi” qilib berdi. Ammo qarz qaytararda o‘g‘li Qodirni ham 19 yoshida o‘zi bilan olib ketdi. Topgani to‘yga buyurayotgan, bugun yoshi bir joyga borib qolgan Qurbon aka o‘z sog‘lig‘iga e’tibor berolmadi. Bugun uni ham, umr yo‘ldoshini ham sog‘lig‘ida bir necha nuqsonlar bo‘lib, shifokorlar ogohlantirishiga doimgidek beparvo: ”Do‘xtirlar aytaveradi-da”, deb qo‘l siltaydi. Davolanishga go‘yo vaqt ham, imkon ham yo‘qdek. Lekin bir yildan beri, yangi to‘yga degan to‘rt bosh qo‘chqor, bir novvos qoziqda. Turfa xil ichimliklar podvalda taxt. Yetmaganiga, qarz ko‘tarmoqchi. Ishqilib, biror kami ko‘sti bo‘lmasin. Axir, “Odamlar nima deydi”.
Tanish holatmi? Shu tarzda o‘tadigan ko‘p to‘ylar, balki egasiga bir lahza baxtli onlarni taqdim etar. Ammo, nimaning badaliga? Yillab yaqinlar diydoridan uzoqdagi muhojirlikdagi og‘ir hayot evazigami? Yo‘qotilgan sog‘lik, sarf etilgan kuch va umrining gullagan lahzalari evazigami?
Eng yomoni, Qurbon aka singari dang‘illama to‘y sohiblari uchun og‘ir lahzalar aynan o‘sha to‘ydan keyin boshlanadi. Yetishmovchilik, qarz qistovi sabab, yarimjonligiga qaramay ota yangi kuyovni olib, yana uzoq yurtga ketishga majbur bo‘ladi. To‘y ZAGSidagi avtomobillar korteji uchun 5-6 million so‘m sarflanadi-yu, kelinning reproduktiv holatini yaxshilash uchun 100 ming so‘mlik darmondoriga pul topilmaydi. O‘nlab yashik aroq ortib qoladi-yu, uyda hammom chala. Qish-qirovli kunga o‘tin-u, ko‘mir yo‘q.
Ma’lumotlarga ko‘ra, armanilar kelin-kuyovni, ya’ni bo‘lajak yosh ota-ona organizmini katta hayotga tayyorlashni to‘ydan ancha oldin boshlab; tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, vitamin va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlar ekan. Bizda nikohlanuvchilar uchun majbur qilingan tibbiy ko‘rikni ham iloji bo‘lsa, tanish-bilish orqali chetlab o‘tib, oson hal etamiz. Farzandini tibbiy ko‘rikka olib borishni esa hech kim xayoliga keltirmaydi. Axir bitta-yarimta ko‘rib qolsa, ”odamlar nima deydi”.
Hali hashamatli to‘y va ZAGSning zavqli damlaridan masrur kuyov, visolga qonmayoq, juftining bag‘rini sovitib ketishga majbur bo‘lsa. Dunyoga kelajak ilk farzandini diydorini ko‘rolmasa, nuridiydasini bag‘riga bosolmasa, unga otalik baxti tatimasa... Jabru sitamlar algoritmi shu tazda davom etaveradi.
Endi bir hisob-kitob qilsak: Hozir ba’zi to‘ylarda dabdaba uchun 400 kg.gacha go‘sht, 300 ta aroq, assortilar uchun qo‘shimcha tovuq go‘shti, yaxna va tandir go‘shti, kolbasa mahsulotlari, turfa gazaklar, shirinlik, mevalar, salqin ichimliklar, quruq mevalar va boshqa mahsulotlar uchun 100 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflamoqda. Hatto yer yuzining farovonlik nuqtasi bo‘lgan Amerikada ham to‘y degani yaqin do‘stlar davrasida bitta dimlangan kurka bilan o‘tib ketsa-yu, bizda shuncha dabdaba. Undan tashqari, to‘ydagi kelin libosi, mebel, sarpo-suruq, nomdor qo‘shiqchilarga xizmat haqi, videochi-yu, ZAGS karvoni...ga ketadigan xarajatlar-chi?
Qani endi to‘y o‘tkazishda manmanlik va riyokorlikdan biroz chekinib, me’yor va mo‘’tadillikni tanlasak. To‘yni ”Odamlar nima desa desin” tarzida o‘tkazib, bazmni 500-600 emas, 100-200 kishiga mo‘ljallab qilsak. Dasturxonning chiqimini ham shunga moslasak, isrofgar emas, tejamli bo‘lsak.
To‘y ham, ZAGS ham soddaroq bo‘lsa-da, tejalgan pulga kelin chevarlik qilsa, kuyov hech bo‘lmasa chorva boqsa; oila daromadi oshib, bolalar ota bag‘rida ulg‘ayardi.
To‘yda nimadir kam bo‘lsa ham, eng muhimi, oila bag‘ri to‘kis bo‘lsin. Oila kemtik bo‘lib, darz ketsa, unda ko‘ring odamlar nima deyishini...
Shuhrat Normurodov.