Shov-shuv bo‘layotgan Samarqand to‘ylari yoxud ma’rakalarni nazoratga olgan rais

Bugungi kunda o‘tkazilayotgan dabdabali to‘ylar ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvlarga sabab bo‘lyapti. Achinarlisi, ularning aksariyati Samarqand bilan bog‘liq.

- Bundan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda ana shunday salbiy holatlarning oldini olishimiz kerak, - deydi respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Dilshod Ismoilov. – Bo‘limimiz va qator tashkilotlar vakillari, shuningdek, yaqinda muborak ziyoratdan qaytgan hojilar bilan hamkorlikda targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirishga harakat qilyapmiz. Maxsus qo‘llanmalar tayyorlandi. To‘ylarni ixchamlashtirish uchun takliflarimizni o‘rtaga tashladik. Masalan, to‘ylarning ssenariysini ishlab chiqish, kelin-kuyovlarning milliy kiyimlarda ishtirok etishini ta’minlash, keng jamoatchilikka ko‘z-ko‘z qilinayotgan “Sevgi tarixi” deb nomlangan videoroliklar namoyishiga barham berish shular jumlasidandir.

Viloyatimizda shunday mahalla bor, unda oxirgi yillarda deyarli barcha to‘y, ma’raka va marosimlar fuqarolarning o‘z xonadonida, milliy qadriyatlarimizga mos shaklda o‘tkazilmoqda. Qiziq tomoni, bu mahalla viloyatning chekka bir tumanida emas, balki bir-biridan hashamatli to‘yxonalari bo‘lgan Samarqand shahrida joylashgan. Ishonmadingizmi? Biz ham u yerga borishimizdan oldin gumonda edik...

Eski shahar qiyofasiga xos tor ichki ko‘chalar, zich joylashgan xonadonlar oralab mahalla fuqarolar yig‘ini binosiga yetib keldik. Bir qarashda bunday sharoitda katta bir nikoh to‘yini o‘tkazish murakkabroq. Biroq bag‘rikeng bekholiklar buning uddasidan chiqyapti, aniqrog‘i, ular to‘ylarini to‘yxonadagidan-da chiroyli o‘tkazyapti ekan.

— Mahallaga rais qilib saylashganiga ikki yil bo‘ldi, - deydi Abduvoiz Do‘stov. – Ishni endi boshlaganimda fuqarolardan biri o‘g‘lini uylantirmoqchi ekanligi, ammo qo‘li “kaltaroq” ekanligini aytib, maslahat so‘rab qoldi. Shu vaqtgacha to‘ylarni qisqartirish haqida ko‘p gapirganmiz-u, lekin buni qanday amalga oshirish mumkinligi haqida jiddiy o‘ylab ko‘rmagan ekanmiz. Kimdir kamroq mehmon chaqirishni maslahat beradi, boshqasi shahardan tashqaridagi arzonroq to‘yxonani gaplash deydi. Har qanday yo‘lni tanlamaylik, barchani rozi qilib bo‘lmasdi. Shunda tashabbusni o‘z qo‘limga olishga qaror qildim.

Rais shahardagi bir nechta bazmgohlarga borib, ulardagi narx-navo, xizmat ko‘rsatish tartibini o‘rgandi. Keyin mahalla faollari bilan kengashib, uyda o‘tkaziladigan to‘yga ketadigan xarajatni hisoblab chiqdi. Uchga bir. Ha, uyda o‘tkaziladigan to‘yning xarajati uchga bir hisobda arzonroq tushar ekan.

— Buni to‘y boshlamoqchi bo‘lgan fuqaroga tushuntirdik, - deydi rais. – U boshida qo‘rqdi, qarindosh-urug‘i, qo‘shnilar norozi bo‘lishidan, ovoragarchilik ko‘payishidan xavotir oldi. Men unga to‘yning boshida o‘zim turishimni aytib, ko‘ndirdim. Shunday ham bo‘ldi. To‘yning boshida turib, kamxarj va eng asosiysi, milliy qadriyatlarimizga mos chiroyli bazm o‘tkazdik. Buni ko‘rgan boshqalar ham bizdan yordam so‘ray boshladi.

— Bungacha bir qizim va o‘g‘limning to‘yini bazmgohda o‘tkazganman, - deydi yaqinda ikki o‘g‘lini uylantirgan Rahmat Hamdamov. – Uyda o‘tkazilgan to‘yda o‘shandagi xarajatimning yarmini qildim. O‘ylab ko‘rsam, biz xalqqa to‘y berishning asosiy maqsadini unutib qo‘ygan ekanmiz. Dabdaba, sarpobozlik, oxiri yo‘q marosimlar o‘zimizga ham yoqmaydiku, mehmonlarga yoqarmidi? Uyda to‘y o‘tkazib, buni tushunib yetdim. To‘yimiz ixcham o‘tgan bo‘lsa-da, unda butun mahallamiz ishtirok etdi. Maslahat oshi, sabzi tug‘rash, nahorda qadriyatlarimizni esladik. Ayniqsa, yoshlar juda xursand bo‘ldi.

Ma’lumotga ko‘ra, bu mahallaning 200 nafarga yaqin fuqarosi xorijda, yaxshi daromadli ishlarda ishlaydi. Bundan tashqari, mansabdor va ishbilarmonlari ham ko‘p. Dabdaba desang, ko‘pchilikdan orttirib qila oladigan shu odamlar mahalla raisiga quloq tutayotgani, isrofgarchiliklarga chek qo‘ygani quvonarli. Kuzatuvlarimizdan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, aksar mahallalarda boylar raisni pisand qilmaydi. Uning gapi qonun emas, faqat maslahat sifatida qabul qilinadi.

— O‘z mahallasiga “ega”lik qila olmaydigan rais lavozimiga nomunosib, - deydi Abduvoiz Do‘stov. – Agar barcha hamkasblarim o‘z ishini bilib qilganida, to‘y, marosim va boshqa shunga o‘xshash masalalarda muammolar bo‘lmas edi. Nazoratni qo‘ldan berib qo‘ydik, endi uni qaytarishimiz kerak. Albatta, faqat qattiqqo‘llik bilan ish bitmaydi. Namuna, tashabbus ko‘rsatish, mahalla ahlini jipslashtirishni ham bilish kerak. Mahallamizdagi bu yutuq birgina o‘zimniki emas, “yettilik”, komissiya a’zolari, faollar bilan hamjihatlikda ishlaymiz. Aytishim mumkinki, hozir bizda nikoh to‘ylari 170 kishi bilan, ixcham dasturxonda o‘tkaziladi. Shunday to‘y o‘tkazganlar orttirib qolgan puliga uy qurdi, mashina oldi.

Bu mahalladagi kamchiqim to‘ylar va ularni o‘tkazayotgan odamlarning fikrlari haqida yana uzoq yozish mumkin. Ammo maqolaning maqsadi kimnidir maqtab, boshqalarni yomonlash emas. Har yerning o‘z toshu tarozisi bor. Aytmoqchi bo‘lganimiz, to‘ylarni dabdaba va isrofgarchiliksiz, muhimi, hech kimni norozi qilmasdan ham o‘tkazish mumkin ekan. Bekho mahallasining tajribasi buning isboti. Ayni tajribadan boshqa raislar ham foydalansa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Asqar BAROTOV,

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV.