Madaniyatga ehtiyoj bor, e’tibor-chi?

Yoxud tadbirlardagi tizimsizlik qachon barham topadi?

Keyingi yillarda Samarqand xalqaro darajadagi nufuzli anjuman, festival va boshqa tadbirlarga mezbonlik qilmoqda. Bu hududning xalqaro maydonda madaniy va turistik markaz sifatidagi mavqei oshib borayotganini anglatadi. Rasmiy tadbirlardan tashqari, viloyat miqyosidagi ommaviy tadbirlar soni ham oshdi. Afsuski, ushbu tadbirlarning saviyasi, mazmuni va ahamiyati pasayib borayotgandek.

Ayniqsa, tadbirlarning o‘z vaqtida boshlanmasligi, hisobot uchun tashkil etilishi, mas’ul shaxslar va soha vakillarning kechikishi yoki umuman kelmaslik holatlari ko‘p uchramoqda. Ba’zan bunday holatlar haqida oldindan na ogohlantirish bo‘ladi, na rasmiy munosabat beriladi. Bu bir tomondan, tadbirni tashkil etuvchi tashkilot va mutasaddilarning o‘z ishiga bo‘lgan munosabatini bildirsa, ikkinchidan, jamoatchilikka nisbatan hurmatsizlik emasmi?

Kuzatuvlarimizga ko‘ra, ommaviy tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etishda yetarlicha tayyorgarlik ko‘rilmayotganining asosiy sabablaridan biri mahalliy hokimliklar va madaniyat muassasalari o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilmaganidir. Aksariyat hollarda turli tashkilotlar tomonidan tashkil etiladigan konsert-tomosha tadbirlari yoki kasb, yubiley bayramlarini o‘tkazishda madaniyat bo‘limlariga media-apparatlar, san’atkor va boshlovchilarni jalb qilish vazifasi yuklanadi.

Bu esa madaniyat va san’at xodimlarining boshqa tashkilotlar uchun bepul xizmat ko‘rsatishiga olib keladi va ularning noroziligiga sabab bo‘ladi. Vaholanki, davlatimiz rahbarining «Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida tashkilotlarning buyurtmalari asosida ko‘rsatiladigan barcha madaniy xizmatlar tuzilgan shartnomalar orqali va haq to‘lash evaziga amalga oshirilishi belgilangan.

– Hududlarda tashkil etiladigan davlat va boshqa ommaviy-madaniy tadbirlar tuman hokimiyati, viloyat madaniyat boshqarmasi hamda tuman madaniyat bo‘limi tomonidan tasdiqlangan kalendar-reja asosida tashkil etiladi,  – deydi Ishtixon tuman madaniyat bo‘limi boshlig‘i Dilmurod Abdullayev. – Bunda madaniyat xodimlarining xizmatlari uchun shartnoma asosida haq to‘lanishi, musiqiy asbob-uskunalar ijarasi ko‘rsatilishi nazarda tutilgan. Ammo yubileylar, kasb bayramlari, sayyor qabullar va rasmiy kutib olish tadbirlariga xodimlar jalb etilsa-da, ko‘pincha shartnoma tuzilmaydi va haq to‘lanmaydi.

Viloyat musiqali drama teatri aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Baxtiyor Rahimov ham bu borada o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

– 46 yillik faoliyatimdan kelib chiqib aytishim kerakki, keyingi paytda ko‘plab tadbirlar rejasiz, saviyasiz va nomigagina tashkil etilyapti, – deydi Baxtiyor Rahimov. – Masalan, bizga oldindan xabar berilmagan tadbirga spektakl qo‘yish yoki sahna ko‘rinishi namoyish etish so‘raladi. Bunday sharoitda tayyorgarliksiz sahnaga chiqishga majbur bo‘lamiz. Bu esa tomoshabinlarga ham, ijodkorlarga ham salbiy ta’sir qiladi. Fikrimcha, tadbirlarni maqsadli, o‘z vaqtida va tartibli o‘tkazish uchun har bir tashkilotda mas’ul shaxs biriktirilishi, aniq dastur va reja ishlab chiqilishi, ishtirokchilar tadbirga kiritilgan o‘zgarishlar haqida oldindan xabardor qilinishi zarur.

Viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Botir Shaymatovning ma’lum qilishicha, tizimdagi ushbu muammolarni bartaraf etish, xalqimizning boy madaniy merosini asrab-avaylash va rivojlantirish, ommaviy tadbirlarni samarali tashkil etish hamda ijodiy jamoalarning imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida viloyatda maxsus tuzilma – “Ommaviy-madaniy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish direksiyasi”ni tashkil etish rejalashtirilgan.

– Ushbu direksiya orqali barcha tadbirlar aniq reja asosida tashkil etiladi va xizmat uchun haq to‘lash mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi, – deydi B.Shaymatov. – Direksiya korxona va tashkilotlar bilan shartnoma tuzish, asbob-uskunalar, transport vositalari va inshootlarni ijaraga olish yoki berish, narx belgilash, ijodiy kechalar, konsert-tomoshalar hamda xorijda gastrollar uyushtirish, iqtidorli yoshlar va madaniyat muassasalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalarni amalga oshiradi.

Ommaviy-madaniy tadbirlarni samarali va yuqori saviyada tashkil etish uchun tizimli yondashuv, aniq reja, mas’uliyat va haq to‘lash tartibi qonunga muvofiq yo‘lga qo‘yilishi kerak. Shuningdek, madaniyat va san’at sohasi xodimlarining mehnatini qadrlash, ularni rag‘batlantirish va moddiy qo‘llab-quvvatlash nafaqat soha rivoji, balki jamiyatda ma’naviyatning yuksalishiga ham xizmat qiladi. Yangi tashkil etiladigan direksiya faoliyatini esa kuzatamiz  – viloyatda madaniy hayotni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tara olarmikan?

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.