Dabdaba, hasham yoshlarni baxtli qiladimi?
Yaqinda o‘g‘lim aytib qoldi: “Menga dabdabali to‘ylar yoqmaydi. Agar uylansam, o‘zimga eng yaqin insonlarni aytaman. To‘yni restoranda emas, tabiat qo‘ynida, oddiy, shvedcha stol atrofida, kamchiqim qilib o‘tkazaman”. O‘g‘limning gapidan dastlab kulgan bo‘lsam, keyin o‘ylanib qoldim. Xo‘sh, nega biz kamchiqim to‘y qilishni istamaymiz, nega to‘ylarimiz yetti mahalla eshitadigan tarzda bo‘lishi kerak? Nega to‘ylarni qisqartirishni o‘zimizdan boshlamaymiz, faqat birovlarning to‘ylarini gapiramiz-u, o‘zimiz ham boshqalardan qolishmaydigan tarzda 400-500 kishilik to‘y qilamiz?
Aslida o‘g‘lim aytayotgan to‘y ssenariysi ham G‘arb filmlarida ko‘rganimiz, boylar o‘tkazadigan to‘y. O‘ylab ko‘rsam, biz G‘arb boylaridan ham dabdabali to‘y qilar ekanmiz. Qulog‘imizgacha qarzga botsak ham, do‘ppi tagida yorilgan boshni kim ko‘ryapti qabilida o‘zimizni qiynar ekanmiz. Xo‘sh, nima uchun?
Hozir ham rivojlangan davlatlarda mashhur kishilarning to‘yi sanoqli kishilar bilan, ommaviy axborot vositalari xodimlaridan yashirilgan holda nishonlanadi. Oddiy aholining to‘yi esa yanada odmi o‘tadi. Xo‘sh, bizda-chi? Mashhurlar, ayniqsa, san’atkorlarning to‘yini butun respublika internetdan bemalol tomosha qiladi. Undagi hashamatli stollar, ikki-uchtadan qo‘shiq aytib ketayotgan “yulduz”lar, allambalo shoular boshqalar ko‘ngliga shunday to‘y o‘tkazish tuyg‘usini soladi. Xuddi dabdabali to‘y qilinsa, yoshlar baxtli-taxtli bo‘lib ketadigandek. Hayotda esa teskarisini ko‘rayotganimiz xayolimizga ham kelmaydi.
Kelin soatlab davradan chiqmasa...
Bizda yaqin-yaqingacha kelin-kuyovning xonadoniga boshdan oyoq o‘ralgan holda olib kelingan. Yomon nazardan asrash maqsadida kelin begonalarga ko‘rsatilmagan. Hozir ham qaysidir hududlarda bu an’ana bordir, ammo ko‘pchilik kelinni avval “ZAGS”ga, keyin to‘yxonaga, so‘ngra kuyov xonadoniga ochiq-sochiq tarzda olib boryapti. Avval to‘ylarda kelin davraning malikasi bo‘lib, yoshlar uchun tayyorlangan stolda bosh egib o‘tirgan bo‘lsa, endi to‘yning boshidan oxirigacha raqsga tushyapti. Kundan kunga zamonaviylashib ketayotganimizdan kelinimizni hammaning ko‘z o‘ngida soatlab raqsga tushirib qo‘yishdan uyalmayapmiz. Avvalgi kuyovlar to‘yda kelinning yuzini ochishga ruxsat bermasdi, qizg‘anardi. Hozirgi kuyovlar kelinni boshqalar bilan raqs tushayotganiga ham parvo qilmayapti, to‘g‘rirog‘i, or qilmayapti. Nazarimda, biz kundan kunga milliyligimizni, o‘zligimizni yo‘qotib boryapmiz. To‘ylarimizda na milliylik bor, na kamchiqimlik.
Shaharda to‘y qilish qanchaga tushyapti?
Pandemiya davrida to‘ylar 30 kishilik o‘tkazildi. Xo‘sh, kim xafa bo‘ldi? Qaytaga to‘y egalari ixcham to‘y qilganidan xursand. Birinchidan, kam pul sarflandi, ikkinchidan, to‘y egalari yugur-yugur kam bo‘lgani uchun charchamadi.
Hozir Samarqand shahrida restoranda to‘y qilish kishi boshiga 200 mingdan 500 ming so‘mgacha, qimmat restoranlarda kishi boshiga million so‘mdan emish. O‘rtacha 350-400 ming so‘mdan to‘ylar o‘tkazilyapti. Agar o‘rtacha 300 kishilik to‘y bo‘lsa, kishi boshiga 350 ming so‘mdan hisoblanganda, 105 million so‘m bo‘larkan. Bundan tashqari, “ZAGS”ga 5 ming dollargacha, sahna bezash 300-400 dan boshlanib, 2-3 ming dollargacha, bazmdagi turli shoular, multfilm qahramonlari, monitor, musiqali chiroqlar va boshqalar alohida pul. Xullas, qolganini o‘zingiz hisoblab olavering. Hali kelin-kuyov uchun yasatilgan xonalar, sarpolar, qudalarga tortiq qilingan kiyim-kechag-u taqinchoqlar hisoblangani yo‘q.
Aytgancha, sunnat to‘y bo‘lsa, to‘rt yigit arabcha oq kiyimda to‘ybolani taxtiravonda ko‘tarib chiqishi 200 dollar emish. Xullas, bugun to‘ylarimiz ayollarning chegarasiz orzu-havaslaridek bo‘lyapti...
Tanishim aytib qoldi: “Ayrim to‘ylarga borsak, dasturxondagi noz-ne’matlar 3-4 qavat bo‘lib ketyapti. Unga uch guruh mehmon yangidan kelsa ham yeb bitirolmaydi. Yana 3-4 xil ovqat ham tortiladi”, deydi. Buyam yetmagandek, to‘ylarda jahon raqslari nomi ostida yarim yalang‘och qizlarning raqslari moda bo‘layotgan emish.
Agar to‘yga viloyatning o‘zidan xonanda chaqirsangiz, 200-300 dollarga keladi. Poytaxtdan chaqirsangiz, 700-800 dollardan 1000-1500 dollargacha xizmatingizda bo‘ladi. Birrovchilar esa kamida 200 dollarga keladi.
To‘ylarning arzonrog‘i tumanlarda o‘tkazilyapti. Masalan, Qo‘shrabot tumanida dasturxondagi yeguliklarning hammasi to‘y egasi tomonidan sotib olinadi. To‘yxonadagi bir kishilik o‘rin 10 ming so‘mdan 25 ming so‘mgacha. Boshqa tumanlarda ham narx-navo shu atrofda. Agarda dasturxondagi yeguliklari bilan kelishsangiz, 70 ming so‘mdan 125 ming so‘mgacha boradi. Endi o‘zingiz bir tahlil qilib ko‘ring. Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan to‘yga tumanda yana uchta to‘y qilish mumkin.
Og‘riqli muammomiz qayerda?
To‘ylarning kundan kunga dabdabali tus olayotgani, kimdir puldan, kimdir dollardan nimcha kiyib, to‘yga kelganlarning og‘zini ochayotgani hech kimga qiziq emas, aslida. Ota-ona avvalo, farzandining baxti-kamolini ko‘rish niyatida to‘y qiladi. Kuyov bo‘lmish nikoh o‘qilayotganda domla so‘raydigan “Fotiha” surasini yodlash o‘rniga (buni bilmasdan uylanayotganlar qancha) kelin bilan raqsga tushishni o‘rganadi. Ba’zi ota-onalar farzandiga loaqal g‘usl duosini o‘rgatmaydi, ammo kimo‘zarga to‘y qilib berishni biladi.
Istaymizmi-yo‘qmi, atrofimizdagi bachkana to‘ylarning muallifi ayollar bo‘lib qolmoqda. Ba’zi ayollarning hashamatli to‘y orzusi ularni muhojirlikka undamoqda. Yaqinda bir ayol o‘g‘lini o‘zi havas qilgandek uylantiribdi, ammo to‘yni Amerikadan kuzatib o‘tiribdi. To‘g‘rirog‘i, to‘yga kela olmabdi, kelsa, qaytib ketolmas ekan. Keyingi bolalarimning to‘yiga yana biroz ishlay, debdi. Holbuki, ayolning uyida mehnatga yaroqli eri, o‘g‘illari bor ekan. Xotin kishining xorijda ishlab yurishi, erning uyda bolalari bilan qolishi odatiy holdek bo‘lib qolmayaptimi?
Abdulhamid ibn Bodis: “Agar o‘g‘il bolaga ta’lim bersang, shaxsga ta’lim bergan bo‘lasan. Agar qiz bolaga ta’lim bersang, butun ummatga ta’lim bergan bo‘lasan”, degan ekanlar. To‘yni qanday o‘tkazish borasida musulmonlarga payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam juda chiroyli ibrat ko‘rsatgan. Rasulullohning qizlari Fotimaning to‘yi juda ham oddiy tarzda o‘tgan. Uning sepi bor-yo‘g‘i uch ko‘rpacha, bitta gilam, bitta xurmo qipig‘i bilan to‘ldirilgan yostiq, ikkita qo‘l tegirmoni, bir chelak, bir sopol ko‘za, bir mis xum, bir elak, bir sochiq, bir oshlanmagan teri, yaman gazlamasidan ikki ko‘ylak, bitta paypoq, xurmodan ishlangan bitta kursi edi...
Xurshida Ernazarova.