“Life Garden” to‘yxonasi xodimi va to‘y egasiga chora ko‘rildi

Ijtimoiy tarmoqlar orqali "Samarqand shahridagi “Life Garden” to‘yxonasidagi to‘yda, go‘shtli mahsulotlarni bezatish uchun yana tirik baliqlardan foydalanishgani" haqida ma’lumot tarqaldi.

Mazkur holat Samarqand viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan o‘rganildi.

Ma’lum qilinishicha, haqiqatda ham mazkur voqea Samarqand shahrida joylashgan “Life Garden” bazmgohida sodir etilganligi aniqlandi.

Ushbu bazmgoh ish boshqaruvchisining aytishicha, to‘y sohiblarining talabiga binoan 9 dona Petishok balig‘i to‘y dasturxoniga bezak uchun ijaraga keltirib qo‘yilgan ekan. So‘ngra ushbu baliqlarga zarar yetkazilmagan holda egasiga qaytarib berilgan.

Holat to‘g‘ri yoki notug‘riligini tekshirish maqsadida, davlat inspektorlari tomonidan o‘rganilganda ushbu baliqlarga zarar yetkazilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, tabiat jonivorlariga shavqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun, to‘y o‘tkazgan fuqaroga va bazmgoh sohibiga nisbatan qonunda belgilangan tartibda tegishli ta’sir choralari ko‘rilib, holat qaytarilmasligi yuzasidan ogohlantirish berib o‘tildi.